Maqola

178 23/07/2024

Yaponiyada kassirlar va mijozlar bilan ishlaydigan xodimlarning xushmuomalaligi, tabassumi, yuz ifodasi, ovoz balandligi va salomlashish ohangi kabi 450 ta o‘zgarishlarni “Mr Smile” nomli sun’iy intellekt nazorat qilmoqda. Yaxshi tabassum qilmaganlar, yetarlicha xushmuomala bo’lmagan xodimlar jarimaga va intizomiy javobgarlikka tortiladi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko’ra, sun’iy intellekt sakkiz do’konda taxminan 3400 nafar xodim bilan sinovdan o’tkazilib, 3 oy ichida xizmat ko’rsatish sifati 160% ga yaxshilangan.

Ammo hammaning ham bunday nazoratdan ko’ngli to’lgani yo’q. Ba’zilar buni haddan tashqari nazorat va hatto, raqamli qullik deb atashmoqda. Yaponiya jamoatchiligi ushbu yangilik mijozlar tomonidan ta’qiblarning kuchayishiga olib kelishidan xavotirda.

Yaponiyada “kasu-xara”, ya’ni xaridorning sotuvchini masxaralashi, jig‘iga tegishi kabi odat bor. Birgina 2024-yilda xizmat ko’rsatish sohasida ishlaydigan 15 mingga yaqin xodim shunday “kasu-xara”ga duch kelgani aytilmoqda. Bunday holatda sun’iy intellektdan nazorat sifatida foydalanish o’zini oqlamasligi haqida fikrlar mavjud.

Keling, tasavvur qilib ko’raylik. Agar shunday texnologiyalar biz taraf – Rossiya va MDHga yetib kelsa, qanday holatga guvoh bo’lamiz? Muhojirlarni yoqtirmasa ham tabassum qilayotgan kassirlar. Yoki aksincha, xizmat ko‘rsatish sohasi asosan migrantlardan iboratligini hisobga olsak, mijozning qo’pollik qilayotganiga qaramay tabassum qilishga majbur muhojirlar.

Ixtiyoriy-majburiy tabassum qilishga qanday qaraysiz?

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya