Maqola

100 06/10/2024

Irkutskda noqonuniy migratsiyani tashkil etish jinoyatida gumonlanuvchi sifatida “Наше Отечество” o‘zbek milliy markazi rahbari Yusup Qulmatov va ismi keltirilmagan Tojikiston diasporasi rahbarining o‘rinbosari hibsga olingan. Bu haqda “ИрСити” nashri Rossiya Federatsiyasi Irkutsk bo‘yicha Tergov qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.

Har ikki shaxs 2024-yil may oyida yopilgan migrantlar maktabi ishi bo‘yicha hibsga olingani qayd etilgan. Tergov qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi diasporalarning vakillari migrantlarga rus tili bo‘yicha sertifikatlarni “belgilangan tartibni buzgan holda” — imtihon va darslarsiz berganlikda gumonlanmoqda.

Tergov versiyasiga ko’ra, chet el fuqarolari sertifikatlarni patent, vaqtincha yashash ruxsatnomasi (РВП) yoki yashash guvohnoma (ВНЖ) larni olish uchun ishlatgan. Ushbu xizmatlar ortidan gumon qilinuvchilar jami 1,5 million rubl daromad topgani aytilmoqda.

Migrant.uz muxbiri ismini oshkor qilmagan o‘zbek diasporasi vakili bilan suhbat qildi. Uning aytishicha, muammolar boshlanganidan keyin Migrantlar maktabi yopilgan ekan. Biroq 1-maydan so‘ng, test markazlari butun Rossiya bo’ylab yopila boshlagach allaqachon yopilgan Migrantlar maktabiga e’tibor yana ortgan. Migrantlar patent uchun hujjat topshirayotganda ulardan sertifikatni qayerda olganlari so‘ralgan.

“Agar migrantlar sertifikatni bizning markazda olganini aytishsa, ularga patent berish rad etila boshladi. Test markazida bir necha marta tekshiruvlar o‘tkazilganida imtihonlarni o‘tkazishda hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmagan, hammasi belgilangan tartibda o‘tkazilayotgani qayd etilgan edi. Bundan tashqari, markazimiz 2012-yildan beri faoliyat yuritib keladi va shu vaqt davomida shahardagi barcha davlat tadbirlarida qatnashgan. Rossiya va Markaziy Osiyo xalqlarini yaqinlashtirish uchun alohida o‘z tadbirlarini ham tashkil etardi. So‘nggi tadbir sentabr oyida bo‘lib o‘tgandi” deydi diaspora vakili.

Biroq, suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, tergovchi o’zbek markazi madaniyat sohasidagi xizmatlari, avvalgi tekshiruvlarda hech qanday muammo topilmaganini hisobga olmay, Qulmatovni noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblashga harakat qilmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, diasporalar rahbarlari tijoriy pora olish (204-modda 7-qism “a” bandi) va noqonuniy migratsiyani tashkil etish (322.1-modda 2-qism “a” bandi)da ayblanmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya