Maqola

649 05/09/2026

Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi minglab Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Kreml harbiy kuchlarini to‘ldirish uchun migrantlardan foydalanishga tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Va’da qilingan Rossiya fuqaroligi, katta pul mablag‘lari yoki soxta tahdidlar va aldovlar oqibatida mintaqamiz fuqarolari o‘zgalar urushining qurboniga aylanishmoqda. Shaman TV mediya loyihasi tomonidan tayyorlangan videomaterialda ushbu fojiali jarayonning asl mohiyati, urushga jalb qilish usullari va buning ortidagi diniy hamda geosiyosiy omillar batafsil ochib berilgan.

Fuqarolik ilinji va iqtisodiy chorasizlik

Urushga ketishning eng asosiy sabablaridan biri tezlashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish va moliyaviy va’dalardir. Migrantlar o‘z vatanlarida tayinli va yaxshi maosh to‘lanadigan ish topa olmagach, Rossiyada og‘ir mehnat va kamsitishlarga duch kelishadi. Bunday vaziyatda harbiy shartnoma ular uchun barcha muammolarning oson yechimidek ko‘rinadi.

«Eng asosiysi — fuqarolik uchun. Kontrakt imzolasang, Rossiya fuqaroligini va moliyaviy mablag‘ olishing mumkinligini aytishgandi. Meni puldan ko‘ra ko‘proq fuqarolik jalb qilgandi.», deydi asirlardan biri.

Iqtisodiy va’dalar ham juda katta: shartnoma imzolaganlarga 1 milliondan 3 million rublgacha bir martalik to‘lovlar va yuqori oylik maoshlar va’da qilinadi. Biroq bu mablag‘lar ham ko‘pincha to‘liq to‘lanmaydi. Bir suhbatdosh va’da qilingan 1 million 200 ming rubl o‘rniga atigi 800 ming rubl olganini aytadi.

Aldov, tahdidlar va hujjatsizlik qopqoni

Rossiya kuch ishlatar tizimlari va ish beruvchilar migrantlarning zaif tomonlaridan ustalik bilan foydalanadi. Ko‘p hollarda urushga jalb qilish ochiqdan-ochiq aldov va tahdidlar orqali amalga oshiriladi. Yo‘l-transport hodisasi yoki hujjatlardagi kichik kamchiliklar migrantlarni tanlovsiz qoldirish uchun bahona bo‘ladi.
Shok holatida urush shartnomasiga qo‘l qo‘ygan migrantning hikoyasi:

«Men DTPga uchradim. Shundan keyin meni urushga jo‘natishmoqchi bo‘ldi. Yo 5 million rubl sug‘urta to‘lashim kerak edi, yoki shartnoma imzolashim lozim edi. Dahshatli shok holatida edim va qo‘l qo‘ydim. Meni qamoqqa tiqish yoki deportatsiya qilish bilan qo‘rqitishdi.»

Eng achinarlisi, ular urushga ketayotganlarini oxirigacha anglashmaydi:

«Menga umuman boshqa hikoyani aytishgandi. Kasbing bo‘yicha tibbiy qismda (sanchastda) yoki harbiy qismda bo‘lasan, o‘q otmaysan, urushga kirmaysan deyishgandi. Ishonibman. Ammo qisqa mashg‘ulotlardan keyin to‘g‘ri jang maydoniga jo‘natishdi.»

Yana bir ayanchli misol — Qirg‘iziston fuqarosi Alisher Tursunov voqeasi. U Rostovga yaqinda tug‘ilgan nabirasini ko‘rish uchun kelib, ko‘chaga hujjatsiz chiqqanda polisiya tomonidan qo‘lga olinadi va atigi 3 kun ichida Lugansk frontiga uloqtiriladi. U yerda u o‘limdan omon qolish uchun Ukraina tomoniga taslim bo‘ladi.

Pul uchun urushga borishning hukmi

Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning aksariyati namozxon musulmonlar bo‘lsa-da, ular qanday qilib o‘zgalarning bosqinchilik urushida ishtirok etishga rozi bo‘layotgani katta savol tug‘diradi. Muqaddas islom dini pul uchun beayb odamlarni o‘ldirishni qat’iy qoralaydi.

«Agar musulmon kishi o‘zini musulmon deb atab, ongli ravishda bosqinchilik va qotillikda qatnashsa, uning iymoni katta shubha ostida qoladi. Pul uchun o‘z hayotini yoki oilasini himoya qilmasdan urushga borish eng og‘ir gunohlardan biri, ya’ni qotillikdir», deydi Ukraina musulmonlari muftiysi.

Hukumatlarning passiv pozisiyasi va geosiyosiy tahdidlar

O‘z fuqarolarini himoya qilish har bir davlatning konstitutsiyaviy burchidir. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan munosabatlarni sovutib olishdan qo‘rqib, ushbu fojialarga passiv munosabatda bo‘lmoqda.

Bu esa mintaqaning xalqaro maydondagi betaraflik maqomiga putur yetkazadi va Markaziy Osiyo davlatlarini bilvosita ushbu urushga sherik qilib ko‘rsatish xavfini tug‘diradi.

Mintaqaviy xavfsizlikka bo‘lajak tahdid

Urush girdobidan omon qaytib, vataniga qaytgan migrantlarni ham yaxshi kelajak kutmaydi. Birinchidan, ular o‘z vatanlarida yollanish moddasi bo‘yicha uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ikkinchidan, jang maydonida shafqatsizlik ko‘rgan va og‘ir posttravmatik stress buzilishi bilan qaytgan minglab odamlar Markaziy Osiyo ichida katta xavfsizlik muammosini tug‘diradi. Bunday shaxslar ekstremistik guruhlar va jinoiy tarmoqlar uchun tayyor o‘ljaga aylanadi…

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya