Maqola

313 10/10/2024

Suyanch.uz blogining asoschisi Jo‘rabek Amonov bir necha yillardan buyon Rossiyada mehnat patenti asosida ishlab kelayotgan muhojirlardan edi. Jurabek o‘z hujjatlariga e’tiborli bo‘lib, mehnat patenti uchun avans to‘lovlarini oldindan to‘lab borgan. Blogida u ko‘pincha politsiyachilarning o’z vakolatini suiste’mol qilishi, migrantlarga uy ijaraga olish, hujjatlarni vositachilarsiz rasmiylashtirishni o‘rgatib kelgan. Jurabekning YouTube kanaldagi ba’zi videolari millionlab marta ko‘rilgan.

Ammo, 16-sentyabr kuni Jo‘rabek Amonovning ijaraga olgan kvartirasiga tekshiruv bilan politsiya xodimlari kelgan. Tekshiruvdan so‘ng Jurabekni «Balashixa» politsiya bo‘limiga olib borishgan. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, undan politsiya xodimlarini haqorat qilgani uchun kechirim so‘rashga majbur qilingan video yozib olingan. Keyinchalik bu video migrantofob telegram kanallarida paydo bo‘ldi. Jo‘rabekning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari agar u politsiyachidan kechirim so‘ramasa, jinoiy ish ochish bilan tahdid qilishgan. Shuningdek, bloger YouTube platformasidagi o‘z blogini o‘chirishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Shundan so‘ng Jo‘rabek sudga olib borilgan. 18-sentyabr kuni Balashixa sudi Jo‘rabek Izatilloyevich Amonovni majburiy deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan va u Moskva oblastining Yegoryevsk qishlog’idagi chet el fuqarolarini saqlash markazi – «спецприёмник» ga joylashtirilgan.

Hozirda Jo‘rabek Amonov O‘zbekistonda. Ma’lum bo’lishicha, sud qarori ustidan shikoyat qilishni o’zi istamagan.

Migrant.uz saytiga bergan intervyusida, Jo‘rabek migrantofob telegram kanallarida uning kechirim videosi bilan tarqalgan matnda noto‘g‘ri ma’lumot berilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u «Tong Jahoni» NNTning xodimi emas va hech qachon xodimi bo’lmagan. «Tong Jahoni» tashkiloti bilan u faqatgina ko’ngilli sifatida hamkorlik qilgan, chunki migrantlar muammolariga befarq bo‘la olmagan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya