Maqola

87 22/10/2024

Rossiyaning deyarli har bir muzeyi yoki galereyalarida O‘zbekistonga tegishli eksponatlar yoki O‘zbekistondan topilgan tarixiy ashyolar mavjud. Shu munosabat bilan Migrant.uz tahririyati vatandoshlarimizga qiziq bo‘lgan joylar haqida hikoya qilishni maqsad qilgan. Chunki migratsiyadan maqsad qaysidir davlatga borib ishlashgina emas, balki o ‘sha mamlakatning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish, dunyoqarashini shakllantirish hamdir. Qayerga borishni va nima ko‘rish kerakligini “Madaniy hordiq” ruknimizda yoritib boramiz.

Rossiyadagi o‘nlab muzeylarda, qolaversa ilmiy institutlar, milliy kutubxonalarida O‘zbekistonga oid ko‘plab artefaktlar bor. Ularni Ermitaj, Tretyakov galereyasi, Davlat Sharq muzeyi, Pyotr I nomidagi Antropologiya va etnografiya muzeyi, Davlat dinlar tarixi muzeyi, Butunrossiya dekorativ-amaliy va xalq san’ati muzeyi, Tatarston milliy muzeyi va boshqalarda ko‘rish mumkin. Bu maqolada Sharq muzeyi (Музей Востока) haqida ma’lumot keltirmoqchimiz. Sharq muzeyi manzili: Moskva, Nikitskiy bulvar, 12A-uy. Ekspozitsiyalarning boshqa qismi Moskvadagi “ВДНХ” ko‘rgazmasi (13-pavilon) hududida saqlanadi. Xo‘sh, bu muzeyda o‘zbekistonliklar uchun ahamiyatli nimalar bor?

Muzeyning fondida VIII—XIII asrlar oxiriga mansub Markaziy Osiyoning sirlangan sopol to‘plami saqlanadi. Shuningdek, XIX—XX asrlar sopol san’ati namunalari va zamonaviy o‘zbek hunarmandlarining asarlari ham bor. O‘zbek ziynat buyumlari, so‘zanalar, to‘qimachilik mahsulotlari hamda gilam namunalari alohida e’tiborga molik.

Ayniqsa, muzeydagi «Boburnoma. Davlat Sharq muzeyi to‘plamidan miniatyuralar» katalogini ko‘rishni tavsiya etamiz. Bu katalogda mashhur «Boburnoma» asaridan illyustratsiyalar va parchalar jamlangan.

Shuningdek, XIX—XX asrlar oxiridagi chevarlar tomonidan yaratilgan turli hunarmandchilik maktablariga oid so‘zanalar mavjud bo‘lib, ularda xalqning ma’naviy timsollari yashiringan. Gullar, Sharqda qadrlanadigan anor va qalampirlar, turli xil qushlar va muqaddas belgilar aks etgan so‘zanalarni ko‘rib, buyuk ajdodlarimizning kundalik hayoti haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin. Chunki bu naqshlar boylik, farovonlik va baxt timsoli bo‘lgan.

Sharq muzeyida adras, beqasam, zar va boshqa qadimiy matolardan tayyorlangan choponlarni ko‘rishingiz mumkin. Chopondagi naqshlarga boqib, o‘zbek chevarlarining sabri, mahorati va tasavvuridan lol qolasiz.

Ekspozitsiyaning yana bir jozibali qismi — ayollar taqinchoqlaridir. Avval zeb-ziynatlarning turi va shakli ayollarning yoshidan, ijtimoiy maqomidan va millatidan kelib chiqib belgilangan. Eng katta zeb-ziynat to‘plami kelinlikka oid bo‘lgan. Kelinlik to‘plamiga bosh, peshona va sochga taqiladigan taqinchoqlar, juft bilakuzuklar, sirg‘alar, bo‘yin tumor va boshqalar kirgan. Qolaversa, muzeyda tumorlar bilan bezatilgan qizlarning tahyado‘zi nomli do‘ppilarini ham ko‘rish mumkin. Tumorlar qizlar do‘ppisining orqa qismi uchun bezak sifatida tayyorlangan va mayda toshlar bilan bezatilgan. Bunday mayda va nozik qo‘l mehnati kishini hayratda qoldiradi. O‘zbek ziynatlari yengilligi va nafisligi bilan ajralib turadi. Ular ko‘zga ko‘pincha og‘ir ko‘ringani bilan, aslida yupqa va juda yengil bo‘lgan.

Sharq muzeyida qoraqalpoq xalqiga tegishli taqinchoqlar, tumorlar, kelinlarning bosh kiyimi hisoblangan saukele katta va og‘ir toshlar bilan bezatilgan. Umuman olganda, qoraqalpoq kelinlarining bosh kiyimi bir necha kilogacha og‘irlikka ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Muzeydagi qoraqalpoq ayollarining bosh kiyimiga qarab, «Qirq qiz» dostoni va unda tasvirlangan qahramon ayollarni eslaysiz.

Muzeydagi yana bir muhim eksponat — Temuriylar davriga mansub marmar lagandir. Temuriylar davrida muzeydagi kabi laganlar elchilarga sovg‘a qilingan. O‘zbek ustalari marmar o‘ymakorligida juda ilg‘or bo‘lgan. Muzey to‘plamida mashhur g‘ozg‘on marmaridan tayyorlangan ikkita idish mavjud.

Rossiya muzeylari to‘plamlarida jamlangan va saqlanib kelinayotgan ushbu eksponatlar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston san’atiga qiziqqan kishilar uchun juda ko‘p ma’lumot bera oladi.

Agar vataningiz tarixi, milliy o‘zligingiz va madaniyatingiz bilan yanada yaqindan tanishishni xohlasangiz, ruknimizni kuzatib boring va tavsiyamizga binoan, sayohatingizni Moskva shahridagi Sharq muzeyidan boshlang. Muzeyga borib, o‘zbek san’ati, tarixi, naqsh va ranglar olamiga sho‘ng‘ishingiz aniq.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya