Maqola

296 11/09/2024

Sankt-Peterburgda taksist-migrantlar o‘rtasidagi otishmadan so‘ng, politsiyachilar juda ham g‘alati reyd o‘tkazdi.

Operatsiya jangari filmlaridagi sahnani eslatishi mumkin edi. Kadrlarda politsiya xodimlari to‘liq askariy kiyimda Piterning Planernaya ko‘chasidagi “Islam-ata” choyxonasiga to‘satdan bostirib kirib, migrantlarni yerga yuzi bilan yotqizishganini ko’rish mumkin. Kafeda ovqatlanayotgan barcha mehmonlar, kafe egalari ham polga yuzi bilan yotishga majburlangan, faqat … palov yeyotgan rus mehmonlaridan tashqari.

Reydning eng kulgili va ayanchli tomoni ham aynan shunda: 6-stoldagi ruslar xuddi hech narsa bo‘lmagandek o‘z buyurtmalarini hech narsaga e’tibor bermay, tinchgina yeb o‘tirishibdi. Ularning ko’z o’ngida xo‘rlanayotgan odamlar, niqoblarda kafega bostirib kirgan politsiyachilar xuddi yo‘qdek.

Politsiyachilarning o‘zlari ham kimni polga yotqizish mumkinligini izlab turgan vaqt atrofga qarab, osh yeb o‘tirgan ruslarni ko‘rishadi va hech narsa demay, tegishmaydi. Xuddi ruslar u kafeda yo‘qdek. Go‘yoki, bu kafeda jiddiy operatsiya ketmayotgandek. G‘alati emasmi?!

Shu kabi reyd Mebelnaya ko‘chasidagi boshqa choyxonada ham o‘tkazildi. Jami bunday reydlar natijasida Rossiyada noqonuniy bo‘lgan 11 muhojir aniqlangani xabar berilmoqda: to‘qqiz nafari O‘zbekiston fuqarosi, biri Qirg‘izistondan va biri Tojikistondan bo‘lib, ularni deportatsiya qilishlari mumkin.

Ma’lum qilinishicha, bu reydlar 13-iyulda Sankt-Peterburgning Komendantskiy prospektida bo‘lib o‘tgan otishmaga bog‘liq tergov doirasida o‘tkazilgan. Aytishlaricha, 13-iyulgi otishmada taksist-migrantlar qurol ishlatib mojarolarini hal qilishga uringan.

Videogi “maski-shou”ning bunday ta’rifi savollarni yanada ko‘paytiradi. Sababi, «Чистое небо» turar joy majmuasi yaqinida avtomatdan o‘t ochgan erkaklar guruhi Markaziy Osiyodan kelganlar emasligi yaqqol ko‘rinib turardi. O‘sha kundan tarqalgan videoda qurol ishlatganlarning hech biri o‘zbek, tojik yoki qirg‘iz tilida gapirmagan. Ustiga-ustak, videoda otishmada qatnashganlarning yuzini deyarli yaqqol ko‘rish mumkin. Ya’ni qurol ishlatganlarni izlab-topish aslo muammo emas edi.

Migrant.uz jamoasi 6 soatdan ortiq vaqt davomida otishmada ishtirok etganlarning yuzlarini kafe reydida qo‘lga olinganlar bilan solishtirib chiqdi. Kafeda qo‘lga olinganlar orasida otishmada qatnashganlardan hech kimni topib bo‘lmadi.

Shuningdek, otishma sodir bo‘lganidan keyin rasman qurol ishlatganlarning ayrimlari voqea joyida qo‘lga olingani xabar berilgan edi. U holda nima uchun Markaziy Osiyo fuqarolariga tegishli bo‘lgan kafega bostirib kirish, «maski-shou» o‘tkazish va tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish kerak bo‘lgan? Tushunarsiz. Huddi ko‘z o‘ngida, maza qilib yeb o‘tirgan palovlarini tayyorlagan odamlar yerga yuzi bilan yotqizilib, kamsitilishiga 6-stoldagi ruslarning befarqligi tushunarsiz bo‘lganidek.

Savollar juda ko‘p: bu nima edi? Haqiqiy jinoyatchilardan e’tiborni chalg‘itish uchun himoyasiz migrantlarga bosimmi? Bu reydlar bilan otishmaning qaysi ishtirokchilarini ushlashga erishildi?

Umid qilamizki, biznes-ombudsmanlar, konsulliklar va huquq va tartibot ustuvorligidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslar mazkur vaziyatga e’tibor qaratishadi. Politsiya xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berishadi. Oddiy odamlar esa birovning kamsitilishiga tabiiy narsadek emas, fojiadek qaray boshlashadi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya