
Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida migrantlarning yashash va ish joylarida politsiya tomonidan yirik reyd o‘tkazildi. Tekshiruvga yaqinda Murino shahrida 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan muhojirning hibsga olingani sabab bo‘ldi. U Oboronnaya ko‘chasidagi qurilish maydonchasida g‘isht teruvchi bo‘lib ishlagan.
Politsiya dastlab ayblanuvchi ishlagan qurilish ob’yektini tekshirib, so‘ng Sankt-Peterburgdagi bir nechta manzillarga: Yakovlev ko‘chasidagi ikkita yotoqxona va Riga prospektidagi yotoqxonaga yo‘l oldi.
Ba’zi xorijliklar butalar orasiga yashirinishdi yoki hatto qurilishi tugallanmagan binoning tomiga chiqib qochishga harakat qilgan. Yo‘lni politsiya uchun to‘sib qo‘yish uchun qurilish zinapoyalarini uloqtirgan muhojirlar binoda lift borligini hisobga olishmagan. Oxir-oqibat barcha qochqinlar qo‘lga olindi.
Reyd davomida jami 300 ga yaqin shaxs tekshirilgan bo‘lib, ulardan 244 nafari boshqa davlatlardan kelgan migrantlar. 50 ga yaqini migratsiya qonunchiligini buzganligi aniqlangan. Bu odamlar politsiyaga olib ketilgan, u yerda ularni Rossiyadan deportatsiya qilish masalasi hal qilinmoqda.
Shuningdek, noqonuniy mehnatdan foydalangan qurilish tashkilotiga nisbatan 15 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Kompaniya katta miqdorda jarimaga tortilishi va faoliyatini to‘xtatib turishi mumkin.