Maqola

159 16/09/2024

Muyassarxon Rahimovani oila a’zolari bir yildan buyon aloqaga chiqmayotgani uchun izlab kelmoqda, biroq hech qanday natija bo‘lgani yo‘q. O‘zbekistonlik ayolni uyda ikki farzandi, 75 yoshli onasi kutmoqda.

Migrant.uz tahririyati bilan bog‘langan Muyassarxonning opasining aytishicha, Muyassar Sobirjonovna Rahimova Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida 1982-yilda tug‘ilgan. Ikki nafar farzandi bor. Farzandlari ayni vaqtda Toshkentda Tibbiyot universitetlarida ta’lim oladi.

Muyassarxon turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, qizlarini yolg‘iz tarbiyalab kelgan. Rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan ayol Rossiyaga kelguncha maktablarda dars bergan. Biroq 2016-yili qizlari o‘qishga shartnoma asosida qabul qilingani uchun ularning o‘qish pullarini to‘lash maqsadida Rossiyaga ishlashga otlangan.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga kelgan bu ayol “Пролетарская” metro bekati yaqinidagi “Лента” savdo magaziniga ishga joylashgan. Yashash joyi ham “Пролетарская” metrosi atrofida bo‘lgan. Oxirgi marta 2023-yilning iyul oyida aloqaga chiqqan Muyassarxon Rahimova ish joyini almashtirish fikri borligi bilan bo‘lishgan.

Savdo do‘konida baliq saqlanadigan muzlatgichda ishlagan Muyassarxon so‘nggi vaqtlarda salomatligidan ham bir necha marta shikoyat qilgan. Oila a’zolari ayolning salomatligi yomonlashgani va maoshning kamayishi tufayli yangi ishga joylashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Hamyurtimiz hujjatlariga mas’uliyatli bo‘lgani, doim patent va boshqa hujjatlarni o‘z o‘rnida qoldirmay rasmiylashtirib borgani aytilmoqda.

Muyassarxon yashagan kvartiraga borgan oila yaqinlari ayol ishga ketib, qaytib kelmaganini bilgan. Ish joyiga borib, ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagan.

Muyassarxon Rahimovaning oila a’zolari u haqida biror ma’lumot bilgan kishilar bo‘lsa, ular bilan bog‘lanishlarini so‘ramoqda. Muyassarxonni tanigan, bilgan Piterdagi muhojirlar +998990126652 raqami orqali ayolning onasi bilan bog‘lanishlari mumkin.

Migrant.uz tahririyati ayolning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa shaxsiy ma’lumotlarini o‘rgandi. Mas’ul davlat idoralari ayolning izsiz yo‘qolishiga befarq bo‘lmaydi, degan umiddamiz.

Xorijdagi yurtdoshlar!

Muhojirlikda o‘zingiz duch kelayotgan voqea hodisalar, yutuq va muammolaringiz, fikrlaringiz va munosabatlaringizni bizga yozishingiz, o‘zingiz olgan foto va videolarni Telegramdan @migrantxabar akkauntiga yuborishingiz mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya