Maqola

114 22/09/2024

Ukrainada Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan yana ikki nafar Tojikiston fuqarosining jasadi vatanlariga olib kelindi, deb xabar bermoqda “Настоящее время” nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, Badaxshon viloyatining Ishkoshim tumanidan bo‘lgan 36 yoshli Sodiq Kambarov Rossiyada yollanib, 18-iyul kuni Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan vaqtda halok bo‘lgan. Halok bo‘lgan ikkinchi tojikistonlikning ism-sharifi va vafoti tafsilotlari mahalliy hokimiyat tomonidan oshkor qilinmagan.

Marhumlar rus-ukrain mojarosida vafot etgan birinchi Tojikiston fuqarolari emas. Tojikistonliklarning ba’zilari ko‘ngilli ravishda yollanayotgan bo’lsa, boshqalari Rossiya fuqaroligini olganidan so‘ng harbiy safarbarlik tufayli urushga bormoqda. Qolganlari esa Rossiya qamoqxonalari va koloniyalarida yollanib, urushda ishtirok etmoqda.

Ishkoshim tumani hokimiyati mahalliy aholini halok bo‘lgan yurtdoshlari izidan bormaslikka chaqirib, ularning harakatlari Tojikiston va tojik xalqining jahon maydonidagi obro‘siga putur yetkazayotganini ta’kidlagan.

Tojikiston fuqarolari an’anaviy ravishda ko‘p yillardan buyon Rossiyaga ish izlab borishadi, biroq 2024-yil bahorida Moskvadagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir bo‘lgan terror hujumidan so‘ng Rossiyada hokimiyat va aholi tomonidan muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat keskin kuchaydi.

Huquq-tartibot idoralari Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlarga qarshi muntazam tarzda tekshiruv va reydlar o‘tkazmoqda. Reydlar davomida qo‘lga olingan muhojirlar deportatsiya bo‘lishi tahdidi ostida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi urushga yollanmoqda.

Tojikistonning Ishkoshim tumani hokimiyati Rossiyada bo‘lgan yurtdoshlarini vatanga qaytishga chaqirib, ularni foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash obyektlari qurilishida ish bilan ta’minlashga va’da bergan. Aytilgan ishlarda kuniga 250 dan 300 somoniygacha maosh bilan minglab ish o‘rinlari yaratilganini ta’kidlagan.

Tojikistonda yollanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, biroq rasmiy ravishda Dushanbe o‘z fuqarolariga yollanish uchun jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgani haqida hali xabar bermagan. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda yollangani uchun javobgarlikka tortilganlar bor, qo‘shnilardan farqli o‘laroq, Tojikistonda yollanganlik uchun jinoiy ish ochilgani haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya