Maqola

2 142 28/07/2025

1-avgustdan Rossiyada WhatsApp va VPN bloklanishi haqidagi xabarlar Davlat Dumasi raisining sobiq maslahatchisi jurnalist Anastasiya Kashevarovaning telegramm kanalida paydo bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, «firibgarlar va dushmanlar» tomonidan foydalanilgani aytilayotgan WhatsApp messenjeri 1-iyul kuni bloklanishi kerak edi, ammo qaror keyinga qoldirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi hududlarda ular allaqachon uni vaqtincha o‘chirib qo‘yishga harakat qilishgan va bu qalloblarning soxta qo‘ng‘iroqlari sonini qisqartirgan.

Shu bilan birga, u blokirovka Rossiya VPN xizmatlariga ta’sir qilmasligini aytgan.

Biroq Davlat dumasi deputati, axborot siyosati qo‘mitasi rahbari Sergey Boyarskiyning so‘zlariga ko‘ra, taqiq haqidagi xabar tasdiqlanmagan manbalar tomonidan tarqatilgan «bema’ni hafta oxiri mish-mishidir». Boyarskiy o‘zining telegram-kanalida bunday yolg‘onlarga izoh bermoqchi emasligini, chunki ularning haqiqiy asosi yo‘qligini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat Dumasi IT qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Anton Gorelkin WhatsApp Amerikaning Meta kompaniyasi mahsuloti sifatida cheklov qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan “do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar” dasturiy ta’minotlari ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligini aytgan edi. Ushbu ro‘yxat hozirda hukumat tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Boyarskiy, shuningdek, WhatsApp kabi xorijiy xizmatlar har doim ham Rossiya qonunlariga rioya qilmasligini va firibgarlarga qarshi kurashmasligini ta’kidlaydi. Biroq uning fikricha, blokirovka qilish sanasi haqida gapirishga hali erta.

Shu bilan bir qatorda, Rossiya rasmiylari Max mahalliy messenjerini targ‘ib qilmoqda. Boyarskiyning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon WhatsApp foydalanuvchilari o‘rganib qolgan asosiy funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

VPN’larga kelsak, deputat hozir ulardan foydalanishni taqiqlash haqida gap yo‘qligini aytgan.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya