
2025-yil 1-martdan Moskva va Moskva viloyatida taksi haydovchilarining majburiy attestatsiyasi boshlanadi. Attestatsiya quyidagi mavzular bo‘yicha savollarni o’z ichiga oladi: odam tashish qoidalari, shahar infratuzilmasi obyektlari va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi, deb xabar qilgan Moskva transport va yo’l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti.
Idoraning ma’lum qilishicha, departamentning korporativ universiteti maxsus o’quv dasturini ishlab chiqqan. O‘quv dasturi barcha uchun, shu jumladan migrantlar uchun mutlaqo bepul va istalgan vaqt umumiy foydalanish uchun ochiq. Haydovchilar 10 ta savolga javob berib, testdan o’tishlari kerak. Testdan o‘tganlar attestatsiyani topshirgan sanaladi va bu attestatsiya natijasi yana 2 yil amal qiladi.
1-martdan attestatsiyadan o’tmagan haydovchilarning ishlashiga ruxsat berilmasligi ma’lum qilindi. Muddat ko‘chirilmaydi va uzaytirilmaydi, deb aniqlik kiritgan departament.
Shuningdek, Transport departamenti Moskvadagi taksi haydovchilarining 22 foizi Rossiya fuqarosi emasligini ta’kidlagan. Haydovchilarning 78 foizi Rossiya fuqarolari. Statistikaga ko’ra, bu sohada xorijliklardan asosan Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston, Ozarbayjon va Belarus fuqarolari ishlaydi. Ularning o’rtacha haydovchilik staji 16 yil, o’rtacha yoshi – 38 yosh, deb ma’lum qildi Moskva transport va yo’l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti.