Ta’kidlash joiz, uch yillik tahlillarda ayrim yo‘nalishlarda (masalan ijara to‘lovida) rasmiy pasayish e’lon qilinganiga qaramay, umumiy xarajatlar muntazam o‘sib bormoqda. Hisob-kitobni poytaxtga o‘z omadini sinash uchun kelgan yosh oila (er xotin va ikki bola) misolida qilib ko‘ramiz, zero hamma davlatlarda ham aynan shunday o‘rta qatlam taraqqiyotni ham, iste’molni ham belgilaydi.
Boshpana muammosi – ijara to‘lovi
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ishonsak, ijara narxlari pasaygan. Ammo buni his qilish qiyin. Bugungi kunda Toshkentda o‘rtacha hisoblangan, 2 xonali jihozlangan xonadonni 300 dollarga topish deyarli imkonsiz. 350 dollarga topish mumkin. Bu esa 4.5 mln so‘m degani.
Kommunal to‘lovlar
Yaqin o‘tmishda ham hech kim e’tibor qilmaydigan bu to‘lovlar so‘nggi bir yil ichida cho‘ntakni jiddiy qoqlamoqda. Ikki xonali uyga bir oyda o‘rtacha 200-250 ming so‘m atrofida svet, 100-150 minggacha gaz to‘lovi to‘g‘ri kelyapti. Hali JEK, chiqindi, suv kabi to‘lovlar bor. Ayniqsa qish oylarida bir uyning xarajati 500 mingdan oshyapti. Bu yana iqtisod qilib ishlatilganida.
Oziq-ovqat
Nisbatan barqaror yo‘nalish, chunki dehqonning mehnat mahsuli ancha arzon. Ammo go‘sht, yog‘, shakar kabi mahsulotlar oshishda davom etmoqda. Narx oshishi, ayniqsa, barcha narsani xarid qilishga majbur bo‘lgan yirik shaharlar aholisiga juda bilinadi. O‘rtacha hisob-kitobga ko‘ra to‘rt kishilik kichik oila haftasiga 700-800 ming, oyiga 3 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari zarur bo‘ladi. Bu ham tejab-tergab ishlatilganda.
Yo‘lkira
Hamma narsa oshganda transport xarajati ham ortda qolmayapti. Jamoat transporti va zaruratga ko‘ra taksidan foydalaniladi, deb olaylik. Agar ikki kishi ishlaydigan bo‘lsa, transport uchun kundalik xarajat kamida 30-50 mingni, oylik esa 1.2 mln so‘mni tashkil etadi. Lekin bunda ham bolalarni bog‘cha, maktabga jo‘natish yoki olib kelish xarajatlari kirmagan.
Kiyinish
Xarajatlarning eng mavhumi, lekin zarurlaridan biri. Kattalarning libosini qo‘yib turib, qish oldidan bolalarga kiyim xarid qilish tajribasidan kelib chiqamiz. Deylik maktab o‘quvchisi bo‘lgan bir nafar, bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yana bir nafar bolalarga bittadan kurtka, etik, jemper, shim va ko‘ylak olish o‘rtacha 1,5-2 mln so‘mga tushadi.
Albatta, mavsumiy ust-bosh har doim ham xarid qilinavermaydi. Lekin biz ota-onaning bu boradagi xarajatlarini hisobga olmadik. Demak bir oilaning kiyinish uchun oylik xarajatlarni kamida 800 ming-1 mln so‘m deb olish mumkin. Bu ham iqtisod qilinganda.
Texnika va kommunikatsiya
Bugun uyali aloqa, internet, kabel televideniyesi kabi qulayliklar hayotiy zaruratga aylangan. Albatta, ularsiz ham yashash mumkindir, lekin endi rivojlanish bo‘lmaydi. O‘rtacha internet paketni 120-150 ming, ikki kishining telefon to‘lovlarini 80 ming, bolalardan biriga 20 ming deb olsak, bir xonadonga 250 ming so‘m xarajat qo‘shiladi. Bu muntazam xarajat. Bundan tashqari yosh oila zamonaviy telefon va noutbuklarsiz bo‘lishi mumkin emas. Doim xarajat qilinmasada, bir oyga chaqilganda bularning xaridi o‘rtacha 250-300 ming so‘mdan kamiga aylanmaydi. Jamlanganida esa yuqoridagilarga yana 500 ming qo‘shilib turibdi.
Ta’lim xarajatlari
Zamonamiz manzarasi – ko‘pchilik farzandlar ta’lim olishiga jiddiy e’tibor beryapti. Til o‘rgatilmayotgan, biror qo‘shimcha mashg‘ulotga qatnamayotgan bolani topish qiyin bo‘lib qolgani quvonarli. Lekin kelajakka investisiya ham cho‘ntakni qoqlashi tayin. Bog‘cha xarajati kamida 250 ming, maktabga qatnovchi farzandning qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan birga ta’limi va kunlik qo‘liga beriladigan pul oyiga o‘rtacha 400 ming deb olamiz. Demak jami 650 ming. Bunga turli yig‘imlar, kutilmagan xarajatlarni qo‘shmadik. Albatta, bu raqamga qo‘shilmaydiganlar ham bo‘ladi, lekin nisbiylikda va eng kamida 700-800 ming bo‘ladi.
Tushlik
Ishga qatnovchi er-xotin bir oyda kamida 20 kun tushlik qilishga majbur bo‘ladi. Mana shu nuqta ham biroz og‘riqli, mahalliy aholi bilan birga Toshkentga muntazam kelib ketuvchi xorijliklar ham umumiy ovqatlanish tarmoqlarida yegulik narxlari muntazam oshib borayotganini ta’kidlashgan. Bugungi kunda Toshkentda 25 mingga issiq ovqat olib qorin to‘ydirish imkonsiz bo‘lib qoldi.
Lekin biz minimumni olamiz va ikki kishi bir kun tushlik qilishi uchun 80 ming so‘m, oylik xarajatni esa 1.6 mln so‘m deb chiqaramiz.
Xo‘sh, yakunda qanday manzara hosil bo‘lmoqda?
4,5 mln+500 ming+3 mln+1.2 mln +1 mln+500 ming+800 ming+1.6 mln=13,1 mln so‘m yoki 1000 dollardan ortiq!
Diqqat qiling – bu faqat tirikchilik xarajatlari. Davolanish, madaniy hordiq, sayohatlar, uzoq muddat foydalaniluvchi buyumlar xarid qilish, kimgadir yordam berish kabi keyinga surish mumkin bo‘lgan xarajatlar kiritilmagan.
Ko‘rinadiki, oilaning har ikki a’zosi bugungi kun darajasini saqlab qolish uchun oyiga kamida 13-15 mln so‘m maosh olishi (pul topishi), ya’ni har biri 7-8 mln so‘mlik muntazam ishga ega bo‘lishi lozim. Demak belni bog‘lab Toshkentga yo‘l olganlar bu jihatlarni hisobga olishlari lozim.
P.S.: Hisob-kitoblar rasmiy statistikaga emas, kundalik kuzatuvlar va so‘rovlarga asoslangan.
Abror Zohidov