Bu hafta Rossiya ommaviy axborot vositalarida muhojir asosiy qahramonlardan biri sifatida mavzu bo‘ldi. Gap shundaki, tojikistonlik Baxtiyor Ismoilov Podmoskovye katta trassasida yo‘l chetida qarovsiz qolgan Yelizaveta ismli 11 oylik qizaloqni topib olib, unga yordam ko‘rsatgan va ko‘ngilsizliklardan asrab qolgan. Ushbu voqea xususida bir nechta nashrlar va telekanallarda xabarlar berildi. Migrant.uz tahririyati xodimlari muhojir bilan bog‘lanib, voqea tafsilotlari haqida suhbatlashdi.
-Baxtiyor, siz haqingizda turlicha ma’lumotlar tarqamoqda. O‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz!
-Men, Ismoilov Baxtiyor Abdushukurovich, Tojikistonda tug‘ilganman. 2002 yildan beri Moskva shahrida yashayman. Shu yerda maktabda o‘qidim, ulg‘aydim, keyinchalik Tojikistonga qaytib ketdik. U yerda 2-3 yil yashab, 11-sinfni tugatib, yana qaytib keldim. Hozir Perfomance foods kompaniyasi hamkoriman, ular bilan ishlayman.
-O‘sha kun nima bo‘ldi? Voqeani to‘liq bayon qilib bersangiz.
-Men ishdan charchab mashinada qaytayotgandim. Tashqari qorong‘u. Soat taxminan 2-4 atrofida. Yo‘lda harakatlanib borarkanman, o‘ng tomonda oq narsa ko‘zimga tushdi. Rulni biroz chapga burdim, mushuk, it yoki boshqa hayvondir, deb o‘yladim. Chapga burib o‘tib ketay desam, bola ekan.
To‘xtadim, darhol bola tomon yugurdim va qo‘limga oldim. Qarasam bechora, qattiq muzlab qolgan. Deyarli kiyimsiz, faqat bir yengil uy kiyimida, pijamada. Qo‘l-oyoqlari muzlagan, sovuqda yuzlari ko‘karib ketgandi. Bolani mashinaga o‘tqizdim, tez yordam va politsiya chaqirdim.
Ular kelguncha o‘zini bolaning buvisiman deb tanishtirgan katta yoshli ayol «Bu mening nevaram, menga bering», dedi. Men boladan xavotirlandim va «Bolaning onasiga yoki yaqinlariga qo‘ng‘iroq qila oladigan isbotingiz bormi? Chunki nega bola ko‘chada, deyarli yalang‘och holda yuribdi”, deb tushunishga harakat qildim. Bola 8 fevralda bir yoshga to‘ladi. Bu haqda men keyinroq yangiliklardan bildim. Xullas, bolani bermadim.
Men vaziyatni aniqlashtirish uchun politsiya va tez yordam chaqirishga qaror qildim. Politsiyani kutib turganimizda, ayol bolani so‘rab, mashinamni ura boshladi, lekin men baribir bolani unga topshirmadim.
Xodimlar yetib kelgach, bola tez yordamga topshirildi. Men ular bilan gaplashdim va vaziyatni tushuntirdim. Bolani olib ketishganidan keyin politsiya xodimlari men bilan gaplashishdi va tushuntirish xati olishdi. Men barchasini batafsil yozib berdim.
– Rus ommaviy axborot vositalarida bolaning qarovsiz qolib ketishiga buvisi sabab bo‘lgani va uning ruhiyati bilan bog‘liq muammolari borligi haqida ma’lumotlar chiqdi. Chaqaloqning onasi bilan gaplashdingizmi? Ahvoli qanday?
-Tushdan so‘ng bolaning onasi bilan biroz gaplashdim. Politsiya xodimlari mening telefon raqamimni unga bergan ekan. Ular avval menga qo‘ng‘iroq qilib, «Raqamingizni bersak bo‘ladimi?» deb so‘rashdi. Men rozi bo‘ldim. Unga vaziyatni va holatni tushuntirib berdik. Ayol juda qo‘rqib ketgan. U chin qalbidan bizga qayta-qayta rahmat aytdi. Xudo saqlasin, bola bilan har qanday yomon voqea sodir bo‘lishi mumkin edi. Hozirda bola uyda davolanmoqda. Ma’lumot berishlaricha, bolada birinchi darajali sovuq urishi tashxisi qo‘yilgan.