
Ukrainaning “Хочу жить” loyihasi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki hozirda urushda qatnashayotgan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi ro‘yxatini e’lon qildi. Loyiha hisobotiga ko‘ra, etnik o‘zbeklarni ham hisobga olganda, Rossiya tomonidan urushga jalb etilgan o‘zbekistonliklar soni bir necha ming nafarga yetishi mumkin.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, ular ma’lumotlarni Rossiya armiyasidagi manbalar orqali olgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 109 nafar o‘zbekistonlik yollanma jangchi halok bo‘lgan. Ular orasida eng yoshi hali 21 yoshga to‘lmagan, eng kattasi esa 62 yoshda bo‘lgan. Shuningdek, shartnoma imzolaganidan 8 kun o‘tib halok bo‘lgan bir o‘zbekistonlik haqida ham ma’lumot bor.
Migrant.uz doimiy ravishda Ukrainadagi urushga jalb etilgani uchun O‘zbekistonda haqiqiy jazo olgan o‘zbekistonliklar haqida hikoya qilib keladi. Shuningdek, Rossiya tomonida jang qilib Ukrainada halok bo‘lgan o‘zbekistonlik yollanma jangchilar haqida ham tez-tez ma’lumot berib boradi.
O‘zbekistonlik muhojirlarni urushga asosan qamoqxonalar, chet elliklar vaqtincha saqlash markazlari (deportatsiya izolyatorlari), ko‘p funksiyali migratsiya markazlari (MMЦ), vaqtincha saqlash punktlari (ПВС), IIVning migratsiya bo‘limlari, metropoliten va boshqa joylarda «verbovka» qilishadi. So‘nggi paytlarda esa noqonuniy muhojirlarni aniqlash maqsadida o‘tkazilayotgan reydlar vaqtida ham jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.
Ba’zi o‘zbekistonliklar “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalar bilan shartnoma imzolab urushda qatnashgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi boshidanoq Rossiya Qurolli Kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan
“Хочу жить” loyihasi bundan avval Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari haqida ham shunday ro‘yxatlar e’lon qilgan. Ammo ular orasida eng ko‘p yollanma jangchi aynan O‘zbekistondan ekani ta’kidlangan.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, Rossiya hokimiyatlari Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni shartnoma imzolashga “majburlash” uchun reydlar va deportatsiya tahdidlaridan foydalanmoqda.
Ayni paytgacha O‘zbekiston rasmiylari tomonidan mazkur ro‘yxat bo‘yicha hech qanday izoh berilmagan. Ammo Migrant.uz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ham shunga o‘xshash ro‘yxatlar tuzmoqda. Urushdan qaytgan fuqarolar doimiy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Sud jarayonlarida esa ularning deyarli hammasi urushga qamoqdan turib majburiy jalb etilgani haqida guvohlik bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanma jangchilik uchun 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. 2023-yildan beri mahalliy sudlar Rossiya armiyasi safida urushgan fuqarolarga nisbatan bir necha hukm chiqarmoqda.