Maqola

496 02/12/2024

Biometrik ma’lumotlarni topshirish tartibi qanday?

Muhojirlar 10-dekabrdan boshlab qayerda rus tili imtihonini topshira oladi?

Rossiya tergov izolyatorlaridagi muhojirlar bilan uzaytirilgan uchrashuvlarga ruxsatni qanday olish mumkin? Shu va boshqa muhojirlarga bevosita taalluqli bo‘lgan Rossiya qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishing.

1-dekabrdan boshlab Rossiyaga kirayotgan chet elliklardan biometrik ma’lumotlar olish boshlanadi. Hozircha biometrik ma’umotlar tajriba tarzida Moskvaning Domodedovo, Sheremetyevo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlarida, shuningdek, Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil nazorat punktida o‘tkaziladi.

Ushbu tajriba 2025-yilning 30-iyuniga qadar davom etadi. Keyingi bosqichda barcha nazorat punktlarida Rossiyaga kelayotgan xorijlik fuqarolar uchun raqamli profillar shakllantiriladi. Chet elliklar bu profillarni maxsus ilovada o‘zlari ham mustaqil yaratishlari mumkin bo‘ladi. Qolaversa, ilovada muhojirlarning o‘zlari Rossiyaga qachon kelishlari haqida ma’lumot qoldirish imkoniyatining mavjud bo‘lishi kutilmoqda.

1-dekabrdan yengil avtomobillarni qishki shinalarsiz boshqarish taqiqlanadi. Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspektsiyasi (ГИБДД) bu qonunbuzarlik uchun ogohlantirish yoki 500 rubl miqdorida jarima qo‘llashi mumkin. Qishki shinadan foydalanish Rossiyada 1-martga qadar majburiy hisoblanadi.

1-dekabrdan Rossiya temir yo‘llarida (РЖД) poyezd chiptalari tariflari oshadi. Yo‘lovchi tashish narxlari 11,6% ga qimmatlashadi.

1-dekabrdan Rossiya Qurolli kuchlari (ВС РФ) shtat birligi kengaytiriladi. Rossiya qurolli kuchlari tarkibining umumiy soni 2 million 389 ming kishiga yetkaziladi.

1-dekabrdan maxsus harbiy operatsiya (СВО) ishtirokchilari kreditlarini bekor qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yangilik safarbar qilinganlar, shartnoma asosida xizmat qilayotganlar va jangovar hududlarga chaqirilgan harbiy xizmatchilarga hamda ularning turmush o‘rtoqlariga tegishli.

4-dekabrdan boshlab «chayldfri» (farzand ko‘rmaslik) targ‘ibotiga taqiq qo‘yiladi. Ushbu qonun buzilishi uchun jismoniy shaxslar 400 ming rubl, mansabdor shaxslar 800 ming rubl, yuridik shaxslar esa 5 million rublgacha jarima bilan jazolanadi. Ushbu taqiq faqatgina cherkovda faoliyat yuritadigan ruhoniy ayollarga taalluqli emas.

10-dekabrdan migrantlar uchun imtihon topshirish qoidalari o‘zgaradi. Endi bu imtihonlarni faqat hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi davlat muassasalari qabul qiladi. Migrant.uz har bir shaharda migrantlar imtihon topshirishi mumkin bo‘lgan davlat muassasalari ro‘yxatini e’lon qilgan edi.

20-dekabrdan boshlab tergov izolyatorlarida saqlanayotgan shaxslar uchun qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar ruxsat etiladi. Buning uchun ishni olib borayotgan tergovchi yoki davlat idorasining yozma ruxsati talab qilinadi. Bundan tashqari, uzoq muddatli uchrashuvni qisqa muddatliga yoki telefon qo‘ng‘irog‘iga almashtirish imkoniyati yaratiladi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya