05.01.2024-yildan ayrim toifadagi migrantlarga «выдворение»ni jarimalarga almashtirish haqidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar kuchga kirdi.
04.01.2024-yildan boshlab Rossiya Prezidenti farmoni bilan «СВО» davrida harbiy xizmat uchun shartnoma imzolagan chet el fuqarolariga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligi berilmoqda.
07.01.2024-yildan boshlab mehnat patenti olganlar 2 oy ichida mehnat faoliyati to‘g‘risida “уведомление” topshirishlari shart.
14.02.2024-yildan Rossiya hukumatining №169 sonli qaroriga ko‘ra, Rossiyaga vatandoshlarni ko‘ngilli ravishda ko‘chirish davlat dasturida repatriantlar uchun qatnashish shartlari soddalashtirildi.
01.04.2024-yildan №313 Federal qonun kuchga kirdi. Unga binoan, «ВНЖ» (doimiy yashash guvohnomasi) egalari yoki Rossiya fuqarolari xorij haydovchilik guvohnomalarini bir yil ichida Rossiyaning haydovchilik guvohnomalariga almashtirishlari kerak.
01.05.2024-yildan boshlab Rossiya Fan va ta’lim vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, xususiy tashkilotlarga chet el fuqarolarini imtihon qilish taqiqlandi.
23.06.2024-yildan 24.05.2024 yilgi №288-sonli Rossiya Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i kuchga kirdi. Ushbu buyruqqa binoan chet el fuqarolarining majburiy ravishda daktiloskopik ro‘yxatdan o‘tish va suratga tushish tartibi joriy qilindi.
01.07.2024-yildan “РВП” (vaqtincha yashash huquqi), “ВНЖ”, Rossiya fuqaroligi va boshqa hujjatlarni olish uchun davlat boji oshirildi.
08.08.2024-yilda Putin harbiy ro‘yxatga turishdan bosh tortgan taqdirda sobiq muhojirlarning Rossiya fuqaroligini bekor qilish haqidagi qonunni imzoladi va shu kundan boshlab harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan muhojirlarning Rossiya fuqaroligi bekor qilib kelinmoqda.
01.09.2024-yildan Rossiya Prezidenti farmoniga binoan, LGBT va ko‘p jinslilik kabi g‘alati tushunchalarni targ‘ibot qilib, majburan singdirayotgan davlatlarning fuqarolari kvotasiz “РВП” olishlari mumkin. Mamlakatlar ro‘yxatini Rossiya hukumati belgilaydi. Ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari yo‘q.
09.11.2024-yildan boshlab Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan navbatdagi o‘zgartirishlar kuchga kirdi. Ularga ko‘ra, noqonuniy migratsiyani tashkil etish, agar u og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritildi.
Bundan tashqari, 9-noyabrdan boshlab noqonuniy migrant tomonidan jinoyat sodir etilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida tavsiflanadi.
20.11.2024-yildan boshlab “Роскомнадзор” migrantlar uchun noqonuniy xizmatlarni taklif qiluvchi saytlarni sudsiz bloklashi mumkin. Buning uchun bosh prokurorning talabi yetarli bo‘ladi.
01.12.2024-yildan Moskva aeroportlarida (Sheremetyevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy), shuningdek, Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil nazorat punktida Rossiyaga kirayotgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun majburiy suratga olish va daktiloskopik identifikatsiya tartibi tajriba tarzida joriy etildi.
10.12.2024-yildan rus tili, Rossiya tarixi bo‘yicha imtihonlarni hukumat belgilagan davlat muassasalarida topshirish mumkin. Hozirgi kunda ushbu ro‘yxatda 92 ta muassasa mavjud.
Qolaversa, yil davomida rus tilini bilishni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lgan, ammo rus tilini bilmaydigan chet el fuqarolarining migratsion maqomlar olish, jumladan, patentlarni rasmiylashtirish bo‘yicha arizalari rad etildi.
Aeroportlarda, asosan, rus tilida yaxshi gapirmaydigan muhojirlarga mamlakatga kirishga ruxsat berilmadi.
Daktiloskopik ro‘yxatdan o‘tmagan migrantlarga “registratsiya” qilib berilmayapti. Migratsion qaydni rasmiylashtirish yoki uzaytirishdagi rad javobida muhojirlarning maqomi yoki yoshi e’tiborga olinmayapti.