
2025-yil Rossiyadagi migrantlar uchun oxirgi paytlardagi eng og‘ir yillardan biri bo‘ldi. Hukumat chet elliklar ustidan nazoratni keskin kuchaytirdi, qoidalar o‘zgartirildi va ommaviy tekshiruvlarni ko‘paydi. Natijada, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan ko‘plab migrantlar o‘z yurtlariga, Yevropa, Turkiya va boshqa mamlakatlarga ham ketishni boshladi.
Yil boshidan Rossiyada bo‘lish qoidalari ancha qattiqlashdi. Endi vizasiz mamlakatlar fuqarolari Rossiyada yiliga 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qolishlari mumkin. Ilgari ular olti oygacha yashashi va ishlashi mumkin edi. Ilgarigi yillar davomida qonuniy ravishda ishlagan minglab odamlar uchun bu ularning «qoidabuzar»ga aylanishlarini anglatardi.
«Nazorat ostidagi shaxslar reyestri» deb atalgan yangi nazorat vositasi ham joriy etildi. Agar biror kishi ushbu reyestrga kiritilsa, uning bank kartalari va SIM-kartalari bloklanishi va ular istalgan vaqtda mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Ko‘pgina migrantlar bu haqda kutilmaganda pulni yechib ololmaganlarida yoki qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qila olmaganlarida bilishgan. Bundan tashqari, endi hamma biometrik ma’lumotlarni – fotosurat, ovoz va barmoq izlarini topshirishi shart bo‘ldi. Bularsiz endi patent olish yoki hatto SIM-karta sotib olishning iloji yo‘q. Moskva va Moskva viloyatida yana bir qoida joriy etildi: migrantlar o‘zlarining geolokatsiyalarini Ichki ishlar vazirligiga ilova orqali yuborishlari kerak. Agar telefon o‘chirilgan bo‘lsa yoki ilova ishlamasa, shaxs qoidabuzar deb hisoblanadi.
Butun mamlakat bo‘ylab ommaviy reydlar o‘tkazildi. Polisiya va Rossiya Milliy gvardiyasi bozorlar, qurilish maydonchalari, xostel va yotoqxonalarga tekshiruvlar uyushtirdi. Odamlar ko‘chalarda tik tutib turildi, ma’lumotlar bazalari bilan tekshirildi, hujjatlari olinib, polisiya bo‘limlariga olib ketildi. Migrantlar o‘rdakka o‘xshab yurish, devorga qarab turish yoki polda yuztuban yotishga majburlanayotgani aks etgan videolar internetda tarqaldi. Bu tasvirlar xalvqaro noroziliklarga sabab bo‘ldi va hatto Rossiya ommaviy axborot vositalarida ham muhokama qilindi.
2025-yilda (“Нелегал-2025” operatsiyasi davomida): taxminan 128 mingta qoidabuzarlik aniqlandi, taxminan 19 ming chet el fuqarosi chiqarib yuborildi yoki deportatsiya qilindi.
Yilning eng dahshatli fojialaridan biri Moskva viloyatida 10 yoshli tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi bo‘ldi. Bu migrant oilalari uchun og‘ir zarba bo‘ldi va ularning farzandlarining xavfsizligi uchun qo‘rquvni kuchaytirdi. Shundan so‘ng, migratsiya atrofidagi keskinliklar kuchaydi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan ko‘plab migrantlar keta boshladi. Odamlar tobora ko‘proq Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa mamlakatlari va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan ish qidira boshladi.
Shu bilan birga, Rossiyaning o‘zida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Markaziy Osiyodan ishchilarning ketishi tufayli ish beruvchilar Hindiston, Nepal, Bangladesh, Shri-Lanka va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan odamlarni tobora ko‘proq yollashni boshladilar. Bu, ayniqsa, qurilish, yetkazib berish, tozalash va to‘qimachilik sohalarida sezilarli bo‘ldi. Bu ishchilar odatda ish vizalari bilan kelishadi va MDH mamlakatlaridan kelgan migrantlarga qaraganda qattiqroq nazoratga duchor bo‘ladi.
2025-yilda Rossiya migrantlarni jalb qilish siyosatidan qat’iy nazorat siyosatiga o‘tdi. Yangi kelganlar uchun bu tekshiruvlar, ko‘proq qo‘rquv va kelajakka kamroq ishonchni anglatadi. Tobora ko‘proq odamlar Rossiyadan tashqarida ish izlashga qaror qilishmoqda.