
Qozog‘istonda Rossiya tomonida Ukrainaga jang qilish uchun borgan fuqarolarga qarshi bir yil ichida taxminan 700 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Mediazona «Прощай, оружие» («Alvido, qurol») loyihasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan hisob-kitoblarga tayanib xabar berdi.
Qozog‘iston sudlari uchun shaxs “Vagner” safida jang qilganmi yoki Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganmi, farqi yo‘q — Qozog‘iston qonunlariga ko‘ra, bu boshqa birovning urushida ishtirok etish va jinoyat hisoblanadi.
Ilgari bunday ishlar kamdan-kam – odatda yiliga o‘nlab hollarda bo‘lardi. Ammo 2025-yil boshida vaziyat keskin o‘zgardi. Ukrainaning «Хочу жить» («Men yashashni xohlayman») loyihasi potensial yollanma askarlarning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilganidan so‘ng Qozog‘istonda jinoiy ishlar to‘lqinining ochilishiga turtki bo‘ldi.
“Mediazona” va BBC rus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi butun urush davomida Rossiya tomonida jang qilgan 200 nafarga yaqin Qozog‘iston fuqarosi yoki asli qozog‘istonlik halok bo‘lgan.
Jurnalistlar Rossiya sobiq Sovet mamlakatlari fuqarolarini ko‘proq yollayotganini ta’kidlaydi. Bu ularning ko‘pchiligi rus tilini yaxshi bilishi, shuningdek, ushbu mamlakatlardan kelgan ko‘plab migrant ishchilar Rossiyada yashashi bilan izohlanadi.
Rasman ravishda Qozog‘iston bu mojaroda betaraf pozisiyani saqlab qolmoqda. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy harakatlarga chek qo‘yish va muzokaralar stoliga o‘tirish zarurligini aytmoqda va Qozog‘iston tinchlik muzokaralarini osonlashtirishga tayyorligini ta’kidlaydi.
Ayni paytda, Rossiya chet elliklar uchun harbiy xizmat qoidalarini soddalashtirdi. 2022-yil noyabr oyida Vladimir Putin chet el fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. 2023-yil bahorida shartnoma imzolagan va Rossiya armiyasida jang qilgan chet elliklarga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olishga ruxsat beruvchi yana bir farmon qabul qilindi.
2025-yilda O‘zbekistonda =am boshqa mamlakatlarga jang qilish uchun ketgan fuqarolarga qarshi jinoyat ishlari soni keskin oshdi. Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning noyabr oyi oxiriga kelib mazkur modda bo‘yicha 139 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda 112 ta, 2023-yilda 68 ta va 2022-yilda atigi 19 ta ish qo‘zg‘atilgan. 2022-yildan beri O‘zbekistonda chet elda, asosan Ukrainada harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan fuqarolarga qarshi jami 338 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Хочу жить» loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston hozirda Rossiya tomonida jang qilgan, asirga olingan yoki hujjatlar orqali aniqlangan fuqarolar soni bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda turadi. 2025-yil oktyabr holatiga ko‘ra, Ukraina urushda qatnashgan 2715 nafar O‘zbekiston fuqarosining ismlarini aniqlashtirgan. Ulardan kamida 481 kishining o‘lganligi e’lon qilingan.