151 18/10/2024

Rossiya hukumati 2025-yilda xorijliklarga vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma uchun 5,5 mingta kvota berishni tasdiqladi, deya xabar bermoqda TASS nashri. 2024-yil bilan solishtirganda kvotalar soni qariyb ikki barobarga kamaygan, mazkur yil uchun Rossiya hukumati 10 595 ta kvota ajratgan edi.

So‘nggi besh yil davomida kvotalar miqdori yildan-yilga qisqarib bormoqda. 2023-yili Rossiya hukumati RVP olish uchun xorijliklarga 13,5 mingta, 2022-yili — taxminan 19 mingta, 2021-yili esa 39 mingtadan ziyod kvota ajratgan edi.

Rossiya hukumati umumiy kvota sonini tasdiqlagach, mintaqalar arizalariga ko‘ra, qaysi shaharga nechta kvota berilishi taqsimlanadi. An’anaga ko‘ra, 2025-yilda ham eng ko‘p kvota Moskva (1000) va Moskva oblasti (350)ga beriladi. 200 ta kvota Sankt-Peterburgdagi muhojirlar uchun, Tatariston va Boshqirdistondagi xorij fuqarolariga esa 100 ta kvota taqsimlangan.

Ma’lum qilinishicha, mintaqalar ajratilgan kvotaning faqat kichik qismidan foydalanmoqda. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yetti oyi davomida mintaqalar hukumat tomonidan belgilangan kvotaning faqat 20,4 foizini ishlatgan.

Kvotalar qisqarishiga qaramay, «Kommersant» nashri hh.ru va Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (РСПП) so‘rovlariga tayangan holda, migrantlarni yollaydigan rossiyalik kompaniyalarning yarmidan ko‘pi ishchi yetishmovchiligiga duch kelayotganini bildirgan. Jurnalistlar fikricha, migratsiya siyosati va qonunchiligining kuchaytirilishi ishchi yetishmasligi muammosini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

«Meduza» nashri Kremlga yaqin manbalariga tayangan holda, Rossiya hukumati migrantlar bilan kurash siyosatini «yoritish» orqali jamiyatning e’tiborini boshqa muammolar, xususan, Ukrainadagi urush va narxlarning o‘sishidan chalg‘itishni maqsad qilganini yozmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya