Rossiyada xorijliklarning mamlakatga kelishi, ro‘yxatda turishi va mehnat faoliyati bilan bog‘liq qoidalarga katta o‘zgartishlar kiritildi. Ulardan biri 90/365 qoidasidir. 2025-yildan boshlab, Rossiyada qonuniy yurish uchun muhojirlar kelgan kunidan boshlab, 90 kun Ichida hujjat rasmiylashtirishga ulgurishi kerak. Aks holda yilning qolgan 9 oyini Rossiyadan o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
Hozir Rossiyada hech qanday hujjat rasmiylashtirmagan muhojirlar uchun 90/180 qoidasi amal qilib kelmoqda. Ya’ni, 2024-yil oxirigacha muhojirlar 180 kun davomida faqatgina 90 kunni Rossiyada o‘tkazishlari mumkin.
Lekin 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab vizasiz mamlakatlardan kelgan fuqarolar hech qanday hujjat rasmiylashtirmagan bo‘lsa, faqatgina bir yil davomida bor- yo‘g‘i 90 kunni Rossiyada o‘tkaza oladi. Ya’ni yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi Rossiyaga vizasiz keladigan mamlakatlar fuqarolari 90 kundan ortiq Rossiyada qolishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, albatta quyidagi hujjatlardan birini rasmiylashtirishlari kerak:
– patent;
– vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (РВП);
– doimiy yashash uchun ruxsatnoma (ВНЖ);
– kunduzgi ta’lim shartnomasi;
– “Переселение” dasturi ishtirokchisi sertifikati.
Agar migrant Rossiyaga kelgandan keyin bu hujjatlardan birini olishga ulgurmasa, u holda 90 kundan so‘ng Rossiyani tark etishi va keyingi 9 oy davomida Rossiyaga kirmasligi kerak bo‘ladi.
Ya’ni, 2025-yildan boshlab hech qanday hujjat rasmiylashtirmay faqat “registratsiya” qilib yurgan muhojirlar bir yil davomida Rossiya hududida faqat 90 kun bo‘lishi mumkin.
«Kirdi-chiqdi» amaliyoti tugatiladi
90/365 qoidasi qanday tartibni nazarda tutishi borasida ma’lumotga ega bo‘lgan muhojirlarda “registratsiya” tugagandan keyin “kirdi-chiqdi” qilib kelib, patentga topshirsa bo‘lmaydimi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Chunki hozir 90/180 qoidasi amal qilishiga qaramay chegara borib kelibm faqat migratsiya qaydi, ya’ni “registratsiya” bilan yurgan muhojirlar ko‘p. 2025-yildan boshlab “kirdi-chiqdi” qilish murakkablashadi va noqonuniy sanaladi. Aslida hozir ham kirdi-chiqdi noqonuniy amaliyot. Ammo yangi yildan boshlab “kirdi-chiqdi” qilganlar, ya’ni 90/365 qoidasini buzganlar Rossiyada noqonuniy muhojirlar ro‘yxatiga (реестр) kiritiladi.
Ro‘yxatga tushgan xorijliklar quyidagi imkoniyatlardan mahrum bo‘ladi:
– transport vositasini boshqarish;
– bank xizmatlaridan foydalanish;
– mol-mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish; – nikoh tuzish yoki bekor qilish; – bolalarni maktab yoki bog‘chaga joylashtirish va boshqalar.
Natijada muhojirlar ishlab topgan pulini ham vataniga yuborish uchun qonuniy yurgan muhojirlardan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi va qator noqulayliklarga duch keladi.
Noqonuniy muhojirlar reyestri 2025-yilning 5-fevralidan ishga tushishi kutilmoqda.
Yaxshi yangilik!
Yaxshi yangilik shundaki, Rossiya davlat idoralari ayrim kichik huquqbuzarliklarni sodir etgan muhojirlarning qonunbuzarliklarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Xalq tilida bu jarayon “amnistiya” deb nomalanadi. Ushbu amnistiya rejalashtirilayotgani tufayli ayni vaqtda noqonuniy yurgan muhojirlar Rossiyani tark etib, qaytib kelishi tavsiya etiladi. Shu tariqa Rossiyadan hozir ketib, qaytib kelganlar qonuniy ravishda hujjat rasmiylashtirib yurishlari mumkin bo‘ladi.
Chegaradagi tekshiruvlar kuchaytiriladi
2025-yil 5-fevraldan boshlab chegarachilar Rossiyaga kirish uchun yangi cheklovlar qo‘llashi mumkin. Chunki aynan shu sanadan boshlab, chegarachi va politsiya xodimlariga Rossiyaga kelish uchun xorijlik fuqarolarga taqiq qo‘yish vakolati beriladi.
Masalan, xorijlik shaxs Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqida chegarachida shubha paydo bo‘lsa, davlat idorasi xodimi chegaraning o‘zida muhojirga kirishni taqiqlovchi qarorni qabul qilib, rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Bunday qarorlar boshqa idoralarga murojaat qilinmasdan, chegaradagi xodimlar tomonidan qabul qilinadi. Politsiya xodimi ham tekshiruv vaqtida noqonuniy muhojirni sudga olib bormay mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin bo‘ladi. Ushbu o‘zgarishlar xorijliklarning Rossiyada qonuniy ravishda bo‘lishini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda. Shuning uchun, 2025-yildan boshlab Rossiyada bo‘lishni rejalashtirganlar bu qoidalarni oldindan o‘rganishlari va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishlari lozim.