
Rossiyada Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) xodimlari va ularning sheriklari sud qilinadi. Bu guruh chet elliklarga mamlakatda yashash va ishlash uchun hujjatlarni noqonuniy ravishda olishga yordam bergan. Ular pul evaziga migrantlarga rus tili, Rossiya tarixi va qonunlarini bilish toʻgʻrisidagi sertifikatlarni berishgan. Aslida chet elliklar imtihon topshirishmagan va rus tilini bilishmagan. Ushbu qalbaki hujjatlar yordamida kamida 500 migrant patentlar, vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalar, yashash guvohnomasi va Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirishga muvaffaq boʻlgan.
Bitta imtihon uchun 3,2 ming rubldan 5 ming rublgacha toʻlangan. 2021-yildan 2024-yilgacha ishlagan jinoiy guruhda jami 17 kishi boʻlgan. Bular oliy oʻquv yurti xodimlari hamda Moskva, Perm, Samara, Tula va Kaluga viloyatidan boʻlgan tadbirkorlardir. Ishtirokchilardan biri, Xitoy fuqarosi hozirda qidirilmoqda. Yana bir gumonlanuvchi — tulalik tadbirkor Artur Gevorgyan ham qidiruvda, Perm sudi uni 2025-yilda sirtdan hibsga olgan.
Guruh a’zolarining ishlarini turli shaharlardagi sudlar koʻrib chiqmoqda. Permda testlarni oʻtkazgan imtihon oluvchi Tatyana Doppelmayer ustidan sud yakunlanmoqda. Prokuror unga 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 2,5 mln rubl miqdorida jarima tayinlashni soʻramoqda. Unga nisbatan hukm 13-iyulda e’lon qilinadi. Doppelmayer aybini tan olgan va tergov bilan hamkorlik qilgan.
Permning Lenin tumani sudida hozirda Dilshod Nabiyev, Komil Bekmuratov va Anastasiya Batalovalar sudlanmoqda. Batalova 2024-yilning kuzida Permda migrantlarni soxta imtihonlarga olib kelgani uchun qoʻlga olingan edi. Bekmuratov Permda oʻz nomiga mahalliy test markazini roʻyxatdan oʻtkazgan.
Lenin tumani sudidan yana uchta ish sudlovga tegishliligi boʻyicha Moskvaga yuborilgan. «Avangard» davlat test markazi muassisi Svetlana Dayeva Moskvaning Basmanniy sudida allaqachon hukm qilingan. Davlat ayblovi unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 5 mln rubl jarima soʻragan edi. Sud unga shartli jazo — 4 yilu 9 oy hamda 3 mln rubl jarima tayinladi. Poytaxt oliy oʻquv yurti xodimalari Dilara Gartsova va Yelena Trofimovaga nisbatan jinoyat ishlari Moskvaning Gagarin sudiga oʻtkazilgan. Nufuza Zulfikarovaning ishi Kaluga viloyatining Borovsk sudiga, Yuliya Verbitskaniki esa Tulaning Markaziy tuman sudiga yuborilgan.
Tergov guruhning asosiy tashkilotchilari deb RUDN Xalqaro til test markazi direktori Maksim Alekseyev va departamentning sobiq rahbari Rinat Goryainovni hisoblaydi. Toʻqqiz nafar rahbar va asosiy ishtirokchilardan iborat guruhga nisbatan jinoyat ishini ham Permdan Moskvaning Gagarin sudiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda. May oyida tergov sud orqali ayblanuvchilarning ish materiallari bilan tanishish vaqtini cheklab qoʻydi, iyul oyi boshida esa jinoyat ishi sudga yuborildi.
2025-yilda RF Tergov qoʻmitasi 17 kishiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilganini ma’lum qilgan edi.