2024-yil boshidan beri Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolariga berilgan 43 mingdan ortiq patentni, o‘z vaqtida mehnat faoliyati haqida bildirishnoma (уведомление) taqdim qilmaganliklari sababli, bekor qildi, deb yozmoqda IIV vakili Irina Volk o‘zining Telegram kanalida. Bu yil bekor qilingan patentlar soni o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 7-yanvaridan boshlab “Rossiya Federatsiyasidagi chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risidagi” qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, migrantlar patent berilgan kundan boshlab ikki oy ichida Rossiya IIVning hududiy organlariga mehnat faoliyati olib borayotgani haqida bildirishnoma (уведомление) topshirishi kerak.
Agar “уведомление” topshirilmasa patent bekor qilinadi. Patent bekor qilinganidan so‘ng, migrant Rossiya Federatsiyasidan uch kun ichida chiqib ketishi kerak. Agar patenti bekor qilingan muhojir Rossiyani mustaqil ravishda tark etmasa, «выдворение» qilinadi.
“Уведомление” pochta orqali (“с уведомлением о вручении” xizmati orqali) jo‘natilishi yoki «Госуслуги» portali orqali, shuningdek, Rossiya IIVning «ПВС», «ММЦ» markazlari orqali topshirilishi mumkin.
Migrant.uz “уведомление” haqida foydali ma’lumotlar bilan muntazam bo’lishib kelmoqda.
Siz “уведомление” topshirdingizmi?