262 21/07/2026

Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi Rossiya armiyasi safida Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan O‘zbekiston fuqarosi U.R.ni yollanma askarlikda aybdor deb topib, 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

32 yoshli U.R. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, o‘zining qanday qilib urushga borib qolgani haqida batafsil ko‘rsatma bergan.

Uning aytishicha, u 2013-yildan beri ishlash maqsadida xorijga chiqib turgan. Rossiyaning Volgograd viloyatida dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan xabardor bo‘lgan.

2022-yil dekabrida Sankt-Peterburgga ishlash uchun borib, qurilish sohasida mehnat qilgan. Uning shahar ko‘chalarida armiyada xizmat qilganlarga 700 ming Rossiya rubli berilishi haqidagi e’lonlarni ko‘rgandan so‘ng tinchi yo‘qolib qoldi.

2023-yil oktyabrida u Leningrad viloyatidagi mudofaa ishlari bo‘limida shartnoma imzolab, Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yillik shartnoma tuzdi.

Oddiy askar sifatida xizmat qilgan U.R.ning so‘zlariga ko‘ra, uning vzvodida 140 nafar askar bo‘lgan. Bir oy karantinda saqlanganidan so‘ng avtomatdan foydalanish va nishonga qarata o‘q otish o‘rgatilgan. U guruhida tojikistonlik va dog‘istonliklar bo‘lgani, ammo o‘zbekistonliklar bo‘lmaganini aytadi.

Tayyorgarlikdan keyin U.R. Ukraina hududiga yuborilgan. U sudda Donesk viloyatidagi Markovka qishlog‘i yaqinida, o‘rmonzorda joylashgan Rossiya harbiy lageriga borgani va jangovar harakatlarda ishtirok etganini aytgan.

2024-yil mart oyida guruh bilan odam tashishga mo‘ljallangan «ZIL» yuk mashinasida ketayotganida dron hujumiga uchragan. Natijada u belining orqa qismi va oshqozonidan jarohat olgan.

Belgoroddagi harbiy gospitalga olib borilib, operatsiya qilinganidan keyin yana o‘z harbiy qismiga qaytarilgan. Keyinchalik Donesk viloyatining Krasnыy Liman hududidagi kichik harbiy lagerga joylashtirilgan. 2024-yil 19-sentyabrda U.R. Xarkov viloyatida askarlar uchun joy tayyorlashga ketayotganida yana dron hujumiga uchragan. Portlash natijasida uning o‘ng oyog‘i va o‘ng qo‘liga snaryad parchalari tekkan.

U sudda asosan blindaj tayyorlash bilan shug‘ullanganini va Ukraina askarlari bilan bevosita to‘qnash kelmaganini aytgan. Yaralanganidan keyin unga birinchi yordam ko‘rsatilib, tanasidagi snaryad parchalari jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan. Keyin Moskva viloyatidagi harbiy gospitalda davolangan.

Shu vaqtda uning bir yillik harbiy shartnomasi ham tugagan. Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u 2024-yil 25-oktyabrda harbiy qismdan chiqib, zahiraga bo‘shatish haqida komandirga bildirgi yozgan. Javobni 2025-yil yozigacha kutgan va keyin zahiraga chiqarilib, harbiy guvohnoma olgan.

Harbiy xizmatdan keyin U.R. Sankt-Peterburgda taksichilik bilan shug‘ullangan.

2026-yil 19-yanvarda U.R. Sankt-Peterburgdan uchib, Farg‘ona viloyati orqali O‘zbekistonga kirib kelgan va taksida Oqqo‘rg‘ondagi uyiga borgan.

Uning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, IIB xodimlari uni so‘rayotganini bilgach, nima sababdan chaqirishganini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga o‘zi borgan. Suhbat davomida Rossiyada nima ishlar bilan shug‘ullanganini bayon qilgan.

Tekshiruv chog‘ida uning telefoni ko‘zdan kechirilgan. Telefon galereyasidan bir nechta shaxs harbiy kiyimda va qurol bilan tushgan yettita fotosurat topilgan. Suratlarning birida U.R.ning o‘zi ham avtomat bilan tasvirlangan. Fotosuratlar ish bo‘yicha dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Sud ayblanuvchining harakatlarini moddiy yoki boshqa shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat tarafida qurolli to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish sifatida baholab, Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilgan.

Jazo tayinlashda sud uning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, avval sudlanmagani va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan. Natijada sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, U.R.ni 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya