
9 mingdan ortiq chet el fuqarolari yaqin uch yil ichida Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun grantlar olishlari mumkin bo‘ladi, deyiladi Rossiya ta’lim va fan vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasida. Ushbu chora Rossiyada chet ellik talabalar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.
«2025-yildan boshlab Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar grant yordamiga umid qilishlari mumkin. «Global universitetlar» assotsiatsiyasi olimpiadasining yakuniy bosqichi g‘olib va sovrindorlari Rossiya oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat, magistratura va aspiranturasiga kirish imtihonlarisiz o‘qishga kirishlari va federal byudjet mablag‘lari hisobidan kunduzgi bo‘limda o‘qishlari mumkin bo‘ladi,» – deyiladi hujjatlarda. Ulardan «Ведомости» nashri iqtibos keltirmoqda.
Grant Rossiya Federatsiyasiga borish va qaytish uchun transport xarajatlari, oylik stipendiya (miqdorini Fan va ta’lim vazirligi belgilaydi), ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi va yashash uchun to‘lov kompensatsiyasini (yotoqxona narxidan yuqori bo‘lmagan miqdorda) qoplaydi. To‘lovlar o‘zlashtirishga bog‘liq – qarzdorlik yoki «qoniqarli» baholar mavjud bo‘lsa, stipendiya berilmaydi.
Talaba o‘qishdan chetlashtirilgan yoki boshqa ta’lim shakliga o‘tgan taqdirda grant to‘xtatiladi, shuningdek akademik ta’til davrida to‘xtatib turiladi. Shu bilan birga, Rossiya fuqaroligini olish o‘qishni tugatgunga qadar to‘lovlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi.
2025-yilda 2000 nafar, 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 4000 nafar, 2028-yildan boshlab esa har yili 5000 nafar xorijliklar grantlarga ega bo‘ladi. Hozirda Rossiyada 395 mingdan ortiq xorijlik talaba tahsil olmoqda, ularning taxminan 10 foizi mamlakatda ishlash uchun qolmoqda. 2030-yilga borib ularning sonini 500 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.