Maqola

270 31/05/2024

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining tahliliy hisobotiga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki uch oyida 22 mingga yaqin chet el fuqarosi Rossiyadan chiqarib yuborilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘pdir.

6,8 mingdan ortiq xorijlik maxsus muassasalarda saqlangan holda Rossiyadan deport bo’lishini kutmoqda, bu ham o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.

Rossiyaga kirishga ruxsat berilmaganlar soni ham oshdi: agar 2023-yilning birinchi uch oyida 55 ming xorijlik Rossiya Federatsiyasiga kiritilmagan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu 79 ming nafarga yetdi. Berilgan vaqtinchalik propiskalar soni 40,9 foizga, yashash uchun ruxsatnomalar esa 20,1 foizga kamaydi.

Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan aniqlangan noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni 2,5 barobar oshdi.

Fuqarolikka qabul qilinganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 foizga kamaydi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi bunga ushbu sohada nazorat kuchaytirilgani va Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisining Rossiya fuqarosi sifatida tan olinishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. 669 kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan.

“Krokus”dagi teraktdan keyin Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga, birinchi navbatda, tojikistonliklarga nisbatan bosim kuchaygan. Mehnat muhojirlariga ommaviy reydlar uyushtirildi, xavfsizlik kuchlari odamlarni yotoqxonalardan, ish joylaridan va hatto masjidlardan olib ketishdi.

Kerakli hujjatlari bo‘lmagan xorijliklar Rossiyadan ommaviy ravishda chiqarib yuborilgan, kelganlar esa mamlakatga kiritilmagan. O‘nlab oblastlar hokimiyati migrantlarning yo‘lovchi tashish, taksi va boshqa sohalarda ishlash huquqini cheklab qo‘ygan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, bunday choralar “mahalliy aholi hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash uchun” ko‘rilgan.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiya pasportini olgan muhojirlarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni istamasa, fuqarolikdan mahrum qilishni taklif qilgan edi. Dekabr oyidayoq muhojirlar harbiy ro‘yxatga olishdan bo‘yin tovlagani uchun fuqarolikdan mahrum etila boshlandi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya