Maqola

227 17/07/2024

Kun.uz xabariga ko‘ra, Namangan viloyatining Pop tumanida yashovchi 1982-yilda tug‘ilgan G‘olib Aliyev 2016-yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan. U o‘sha yili Rossiyada qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan hamda Tambov oblastidagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.

2022-yil sentyabr oyida Rossiyadagi qamoqxonada jazo o‘tayotgan vaqtida Yevgeniy Prigojinning taklifiga ko‘ra, o‘z ixtiyori bilan «Vagner» harbiy tashkilotiga yollangan. Unga urushda tirik qolsa, sudlanganlik holatini olib tashlash, 1,2 mln rubl pul hamda Rossiya fuqaroligini berish va’da qilingan. Lugansk oblastida olib borilgan jangovar harakatlarda qatnashgan. 2023-yil 21-yanvar kuni chap yelka qismidan yaralanib, harbiy gospitalda davolangan hamda 2023-yil 3-mart kuni harbiy kompaniya bilan shartnoma muddati tugagani sababli Rossiyaga qaytib ketgan. Jangovar xizmatlari uchun Rossiya Federatsiyasining «Za rodinu» nomli ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Sudda G‘olib Aliyev aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Sudda chiqish qilayotib, o‘zbekistonlik Rossiyada ishlab yurib, Tojikiston fuqarosiga tan jarohati yetkazganini, uning vafot etishiga sababchi bo‘lganini so‘zlab bergan.

G‘olib Aliyev suddagi nutqida jazoni ijro etish muassasasidagi mahbuslardan taxminan 700-800 nafari urushga borishga rozi bo‘lganini, maqsadi qamoqdan qutilish bo‘lganini gapirgan.

O‘zbekistonlikning ma’lum qilishicha, 325 nafar mahbuslar Lugansk shahri yaqinida joylashgan harbiy lagerga olib borilgan va u yerda quroldan otish kabi harbiy harakatlar bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tkazilgan. 2022-yil 3-oktyabr kuni esa asosiy janglar bo‘layotgan Lugansk shahriga jo‘nab ketishgan.

2023-yil 21-yanvar kuni u oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelish uchun okopdan tashqariga chiqqanda chap yelkasidan yaralanib, hushini yo‘qotgan. Shifoxonada o‘ziga kelgan. Taxminan 50 kun davolanib, 2023-yilning 17-fevral kuni harbiy gospitaldan chiqqan va 600 ming rubl miqdorida rag‘bat puli olgan.

G‘olib Aliyev gospitaldan chiqqach, Lugansk shahrida harbiylarning oziq-ovqat omboriga qo‘riqchilik qilgan. 2023-yil 3-mart kuni shartnoma muddati tugab, Rossiyaning Rostov shahriga jo‘natib yuborilgan. Bu yerda unga «Za Rodinu» ko‘krak nishoni topshirilgan. 2023-yil 28-avgust kuni esa Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi rasmiylashtirib berilgan.

G‘olib Aliyev 2023-yil 27 dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan. U bu ishlarga jazo muddatidan qutulish va yashash uyiga tezroq qaytib kelish uchun ko‘ngilli sifatida rozi bo‘lgani, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2024-yil 26-iyundagi hukmi bilan G‘olib Aliyev Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (Yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya