Maqola

146 30/08/2024

Kuni kecha Moskvaning Basmanniy sudi Shaxromjon Gadoev, Zubaydullo Ismoilov, Mustaqim Soliyev, Umedjon Soliyev va Xusayn Hamidovlarning qamoq muddatini ikki oyga uzaytirdi. Shu sud tufayli bu gumonlanuvchilar Dog’istonda qo’lga olinib, “Сroсus”ga qilingan hujumda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi. Avval ularning ismlari hech qayerda yoritilmagan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, besh kishi ikki oy avval Dog‘istonda qo‘lga olingan. Ularning uch nafari Tojikiston fuqarosi. Bu haqda 29-avgust kuni “TACC” rasmiy agentligi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib xabar berdi. Yana ikki nafari katta ehtimol bilan Rossiya fuqaroligini olgan.

Besh kishining barchasi terakt ijrochilarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda ayblanmoqda. Ular rostdan aybdormi yoki yo’qligi noma’lum. Mustaqil manbalar asosida Rossiya rasmiylarining gumonlarini tasdiqlash yoki rad etishning iloji yo‘q, shuningdek, Moskvadagi diplomatik missiya xodimlari hibsga olingan Tojikiston fuqarolari bilan uchrasha olgani haqida ma’lumot mavjud emas.

Rus manbalarida besh kishining barchasi joriy yilning 31-mart kuni Kaspiysk va Dog‘istonning boshqa tumanlarida o‘tkazilgan maxsus operatsiya chog‘ida qo‘lga olingani keltirilmoqda. Dastlab ularga ehtiyot chorasi Dog‘istonda tanlangan, biroq hibsni uzaytirish uchun ayblanuvchilar Moskvaga olib kelingan.

Eslatib o’tamiz, “Crocus City Hall”dagi terakt 22-mart kuni kechqurun sodir bo‘lib, natijada 144 kishi halok bo‘lishi va 500 dan ortiq kishi jarohatlanishi bilan yakun topgan edi. Tojikistonliklar Dalerjon Mirzoev, Saidakram Rachabalizoda, Fariduni Shamsidin va Muhammadsobir Fayzovlar hujumni bevosita sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan.

Keyinroq hujumchilarning sheriklari ekani aytilgan yetti nafar shaxs: aka-uka Aminjon va Dilovar Islomovlar, ularning otasi Isroil Islomov, shuningdek, Alisher Qosimov, Lutfullo Nazrizoda, Yoqubjoni Yusufzoda, Muhammad Sharipzoda qo‘lga olingan. Tverda esa 16-aprel kuni Ashurov familiyasi bilan yana bir kishi qo‘lga olingani va u tergov ma’lumotlariga ko‘ra, aka-uka Islomovlarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazishda ayblanayotgani haqida “TAСС” xabar bergan edi.

“ФСБ” direktori Aleksandr Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisobda teraktga aloqador 20 dan ortiq kishi qo‘lga olingan. Ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.

“Crocus City Hall”ga qilingan hujum gumonlanuvchilarini, ya’ni Tojikiston fuqarolarini hibsga olish usullari inson huquqlari tashkilotlarining noroziligiga sabab bo’lganini ta’kidlash lozim. Ayblanuvchilarni hibsga olish chog‘ida qonun normalariga zid ravishda shafqatsiz qiynoqlar qo‘llanilgani jamoatchilikni larzaga solgan edi. Shuning uchun ham bunday qiynoqlar bilan berilgan ko’rsatmalarni haqiqat deb atash murakkab masala, deydi faollar (https://t.me/migrantsmedia/3500).

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya