Maqola

107 11/09/2024

«Kaspersky» tahliliga ko’ra MDHda kiberhujumlarga eng ta’sirchan bo‘lgan sohalar moliya va qurilish kompaniyalari, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari bo‘lib chiqdi. Bu sohalarga umumiy hujumlarning 66% to‘g‘ri keladi. Ammo ma’lumotlar internetga sizdirilishi nuqtayi nazaridan esa eng ko‘p aziyat chekadigan sektor – chakana savdo ekani aniqlandi.

MDH hududida xakerlar faoliyati bir xil emasligi bilan ajralib turadi. Agar Tojikistonda kiberxujumlarga 60,6% foydalanuvchi duch kelgan bo‘lsa, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 54,6% ga, Armanistonda esa 44,2% ga yetgan.

Hisobot mualliflari qayd etishicha, hujumlar ko‘pincha himoyasi sust bo‘lgan tashkilotlarga qaratilgan. Shunga qaramay, 2020-yildan buyon davlat organlari ham hujumlar bilan to‘qnash kelmoqda:

— 2023-yil noyabr oyida O‘zbekistonda Senat, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi sahifalariga kirish imkoniyati yo‘qolgan. OAVlarda bu saytlar DDoS-hujumga uchragan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan;

— Qozog‘istonda o‘tgan yili davlat organlari 86,3 million kiberhujumni qaytargan;

— 2020-yilda Qirg‘iziston parlamentining sayti “The Black Pirate” guruhi xakerlari tomonidan buzib kirilgan. Xakerlar fuqarolarning ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, Bishkekdan 10 ming dollarlik tovon to‘lashni talab qilishgan.

Shu voqealardan so‘ng, MDH mintaqasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va IT-mutaxassislari kiberhodisalarga tezroq javob berish ustida ishlay boshladi.

Masalan, Qirg‘izistonda bunday vaziyatlarga tezkor javob berish markazi ochildi, Qozog‘istonda esa 2017–2022-yillar davomida 26 ta xususiy axborot xavfsizligi markazi tashkil etildi. O‘zbekistonda esa 2022-yili «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, uning ijrosi bo‘yicha vakolatli organ belgilangan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya