Maqola

176 17/09/2024

Avvalroq Rossiyaning migratsiya qonunchiligini o‘zgartirishga qaratilgan qonun loyihalari to‘plami qabul qilingani haqida yozgan edik. Ulardan biri – «chiqarib yuborish rejimi»ni joriy qiluvchi qonun loyihasidir. 2025-yilning 5-fevralidan kuchga kiradigan «chiqarib yuborish rejimi» haqidagi asosiy ma’lumotlar bilan bo‘lishamiz.

Chiqarib yuborish rejimi – Rossiyada qonuniy yashash va ishlash uchun asoslari tugagan yoki umuman bu asoslarga ega bo‘lmagan muhojirlarning mamlakatda cheklovlar ostida bo‘lib turishini nazarda tutadi.

Rossiyada bo‘lish uchun qonuniy asosi tugaganlar kimlar?

• hujjatlari bekor qilinganlar – vaqtinchalik yashashga ruxsat (РВП), doimiy yashashga ruxsat (ВНЖ), viza;

• “РВП” muddati tugaganlar;

• Rossiya fuqaroligidan mahrum qilinganlar;

• noqonuniy ravishda Rossiyaga kirganlar;

• Rossiyaga kelish uchun “taqiq” olganlar;

• qochqin maqomini olishda rad javobi berilganlar;

• sud orqali “выдворение” bo‘lganlar;

• Rossiyada jinoyat sodir etganlar.

Shu toifadagi muhojirlarga Rossiyadan chiqib ketgunicha huquqlarini cheklovchi tartibning joriy qilinishi – “chiqarib yuborish rejimi”, deb ataladi.

Cheklovlar qanday bo‘ladi?

1. mulk sotib olishga taqiq;

2. ko‘chmas mulkni kadastr ro‘yxatiga qo‘yishga taqiq;

3. transport vositasini boshqarishga taqiq;

4. nazorat organlarining ruxsatisiz yashash yoki turish joyini o‘zgartirishga taqiq;

5. bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirish, majburiy to‘lovlardan tashqari, oyiga 30 000 rubldan ko‘p naqd pul yechishga taqiq;

6. “ЗАГС”dan o‘tishga taqiq;

7. jamoat yoki diniy tashkilot tuzishga taqiq.

Chiqarib yuborish rejimiga tushgan muhojirlarning alohida ro‘yxati mavjud bo‘ladi. Bu ro‘yxat internetda ochiq manba sifatida tashkil qilinishi mumkin.

Boshqa yangiliklar

“Xorij fuqarolarining Rossiyadagi huquqiy holati to‘g‘risidagi” qonunga kiritilgan o‘zgarishlardan yana biri – politsiya xodimlariga migrantlarni sudsiz “выдворение” qilish huquqi berilgandir. Politsiyachilar mamlakatdan chiqarib yuborgan muhojirlar migrantlarni vaqtincha saqlash markazlariga, maxsus muassasalarga joylashtirilishi mumkin.

Bundan tashqari, politsiya xodimlari chiqarib yuborish rejimiga tushgan muhojirlarning yashaydigan joylariga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib to‘siqsiz kirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, politsiyachilar mamlakatda noqonuniy turgan xorijliklarning joylashuvini nazorat qilish uchun zamonaviy tekshiruv tizimlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Qolaversa, yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, Rossiyada muhojirlarning hech qanday hujjatsiz bo‘lish muddati ham qisqaradi.

Endi patent qilmagan muhojirlar Rossiyada birinchi yil davomida faqat 90 kun yashay olishadi, xolos. 90 kun tugagach, Rossiyada yashashga hech qanday qonuniy asosi bo‘lmasa, chiqib ketishi kerak bo‘ladi. Aks holda “chiqarib yuborish rejimi”dagi fuqarolar ro‘yxatiga tushib qolish mumkin.

❗️Eslatib o‘tamiz, hozirda 180 kun ichida faqat 90 kun bo‘lish ruxsatini beruvchi qoida amal qilmoqda. Qonunning boshqa bandlaridan farqli o‘laroq, bir yilda faqat 90 kun bo‘lish tartibi 2025-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya