Maqola

157 21/09/2024

20-sentyabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis senatining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Unga ko‘ra, «O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati» yuritiladi.

Ro‘yxatga kimlar kiritiladi? Bular O‘zbekiston davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Ro‘yxatga kirgan shaxslarga 5 yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi (O‘zbekistonda hududidagi o‘z mulkini sotishi yoki hadya qilishi mumkin).

“Nomaqbul deb topilgan shaxs” Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Aks holda, ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

Ro‘yxat muddati 5 yil . Agar u ushbu muddatda ro‘yxatga kirish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf qilsa, muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda bir qator rossiyalik propagandachi siyosatchilar Zaxar Prilepin, Mixail Smolin, Mixail Delyagin, Yevgeniy Fyodorov, Pyotr Tolstoy va boshqalar O‘zbekiston va o‘zbek xalqi haqida kurakda turmaydigan fikrlar, mustaqillikka xavf soluvchi bayonotlar berayotgan va bu jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgandi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya