
Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Dmitriy Demeshin imzolagan qarorga ko‘ra, 2026-yilda ham migrantlar patent asosida jamoat transporti, taksi va yana bir nechta sohalarda ishlay olmaydi. Biroq mahalliy tadbirkorlar RF Transport vazirligi orqali xorijliklarga yo‘lovchi tashish sohasida ishlashga ruxsat berishga erishishga urinmoqda. Chunki hozir o‘lkada haydovchilar va boshqa xizmatchilar yetishmovchiligi juda katta, hatto avtobuslarni ta’mirlaydigan odam ham topilmayapti.
Qarorga muvofiq, kelasi yil ham uy xo‘jaliklarida ishlaydigan migrantlarga cheklov qo‘yiladi. Shuningdek, xorijliklarga jamoat transporti, taksi haydovchisi sifatida hamda elektr, gaz va suv ta’minoti sohasida ishlash taqiqlanadi. Bu kasblar odamlar bilan doimiy muloqotni talab qilishi va xavfsizlik bilan bog‘liqligi uchun, deb izohladi o‘lka hokimiyati.
Biroq xabarovsklik tashuvchilarning ta’kidlashicha, bunday qaror sabab jamoat transportida ishlaydigan odam qolmayapti. «Rossiya tayanachi» («Opora Rossii») biznes-birlashmasi orqali tadbirkorlar patent asosida mehnat qilayotgan migrantlarni avtobuslarda ishga olishga ruxsat berishni va bir vaqtning o‘zida migratsiya nazoratini kuchaytirishni so‘rab Mintrans RFga murojaat qilishgan.
Xabarovsk Jamoat palatasi shahar xo‘jaligi va transporti bo‘yicha komissiya raisi Yelena Shaduya shunday dedi:
«Haqiqatan ham kadrlar yetishmayapti. Faqat haydovchilar emas, balki avtobuslarni ta’mirlaydigan chilangar va xizmatchilar ham topilmayapti».
Hozirgi kunda shaharda avtobuslarning yo‘lga chiqmasligi yoki reyslar kechikishi ayni shu sabab bilan izohlanmoqda. Masalan, №40 yo‘nalishda ishlaydigan avtobuslardan har kuni 1–3 tasi haydovchi yetishmasligi tufayli chiqmay qolmoqda. №33-yo‘nalishda ham vaqti-vaqti bilan kamida bir avtobus chiqmaydi.
Bu faqat ayrim misollar, aslida esa muammo ancha keng ko‘lamli va shaharning ko‘p yo‘nalishlariga ta’sir qilmoqda.
Kadrlar tanqisligi shaharning munisipal tashuvchisi — MUP «GET»da ham kuzatilmoqda. Bu masala shahar dumasi deputatlari tomonidan ham ko‘tarilgan. Chunki transport vositalariga xizmat ko‘rsatish kerak, lekin hozirgi sharoitda ishchilarni jalb qilish va ushlab qolish qiyin. Sabablar ikki xil: birinchisi — maoshning pastligi, ikkinchisi — korxonada ta’mir va qulay ish sharoitlarining yo‘qligi.