705 23/10/2025

AQShda tijoriy haydovchilik guvohnomalarini (CDL) berishning yangi qoidalari yillar davomida yuk mashinalari haydovchisi sifatida tirikchilik qilib kelayotgan minglab markaziy osiyolik muhojirlarning tirikchiligini xavf ostiga qo‘ydi. Immigratsiya siyosati, reydlar va ommaviy tekshiruvlardan so‘ng ularning hayoti og‘ir sinovga aylandi.

Uch yil avval Meksika orqali AQShga kelgan o‘zbekistonlik Yusufning aytishicha, ingliz tilini yaxshi bilmasangiz ham CDL olish va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlash ancha oson bo‘lgan.

«Jo Bayden prezident bo’lganida, ingliz tilini bilmasangiz ham, tarjimon orqali gaplashishingiz mumkin edi. Agar to’g’ri javob bergan bo’lsangiz, ketishingizga ruxsat berilgan. Lekin hozir birinchi navbatda sizning ingliz tilingizni tekshirishadi. Respublikachilar shtatlari – Oklaxoma, Ayova va Floridada tekshiruvlar ancha qattiqlashdi», – deydi Yusuf.

Donald Tramp 2025-yil yanvarida hokimiyatga qaytganidan so‘ng, AQShda immigratsiya qoidalari keskin kuchaytirildi. Reydlar va ommaviy deportatsiyalar boshlandi va kuzda Transport departamenti yangi cheklovlarni joriy qildi: xorijliklar endi CDLni ish vizasisiz va federal immigratsiya holati tekshiruvidan o‘tmasdan ololmaydi.

Chikagodagi avtotransport kompaniyasi egasi, kelib chiqishi qirg’iz bo’lgan Erlan Sidiqovning aytishicha, bu choralar ko’pchilik migrant haydovchilarga ta’sir qiladi.

“Ko‘pchilik haydovchilarimizda grinkarta yoki fuqarolik yo‘q. Biz ularga hujjatlar zudlik bilan advokatlar tomonidan tekshirilishi kerakligini tushuntiramiz. Axir yuridik mavqega ega bo‘lmagan haydovchi qo‘lga tushsa, darhol qamoqqa olinadi. Haydovchilarimizning taxminan 60-70 foizi ishsiz qolishi mumkin».

Qirg‘iziston fuqarosi Mirlan xorijliklarga og‘ir yuk tashuvchi haydovchilik guvohnomalari avvallari besh yilgacha amalda bo‘lgan bo‘lsa-da, endi berilmasligini tasdiqladi. Sapar ismli yana bir haydovchining aytishicha, guvohnomasining muddati tugaganidan keyin uni yangilash rad etilgani haqida:

«Ular menga ochiqchasiga uni yangilay olmasliklari, bekor qilinishini aytishdi»
, deydi.

Qo’shma Shtatlarda Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadan kelgan 4 millionga yaqin professional yuk mashinasi haydovchilari, jumladan, minglab muhojirlar bor. Chikago va uning atrofida transport sohasida ishlayotgan o‘n minglab qirg‘iz fuqarolari yashaydi.

Qirg‘izistonning sobiq fuqarosi, hozirda AQSh fuqaroligini olgan Adilet Jo Bayden davrida migrantlar uchun o‘z maqomlarini qonuniylashtirish osonroq bo‘lganini ta’kidlaydi:
«Ishga ruxsatnoma va haydovchilik guvohnomasini olib, keyin tijorat guvohnomasiga oʻqisa boʻlardi. Shuning uchun ham koʻpchilik qirgʻiz va oʻzbeklar aynan shu turdagi ishlar uchun kelgan».

Vaziyat 12-avgust kuni Floridada ro‘y bergan hindistonlik muhojir sababchi bo‘lgan yirik avtohalokatdan so‘ng o‘zgardi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, haydovchi noqonuniy maqomda gumon qilinganiga qaramay, Kaliforniya va Vashingtonda CDL olgan.

Ushbu voqeadan so’ng, Tramp ma’muriyati xorijliklarga CDL berishni to’xtatib turishni buyurdi. Davlat kotibi Marko Rubio yuk mashinalari haydovchilari uchun ish vizalari vaqtinchalik to‘xtatilganini e’lon qildi va Transport departamenti yangi talablarni belgiladi: CDL endi faqat AQSh fuqarolari, Green Card egalari yoki ish vizasi egalariga beriladi.

Transport kotibi Shon Daffi shunday deydi:

«Ogʻir yuk mashinalari guvohnomalari xorijlik haydovchilarga noqonuniy ravishda berilgan. Ushbu yangi choralar xavfli haydovchilarni toʻxtatish va noqonuniy berilgan guvohnomalarni bekor qilishga qaratilgan».

Markaziy Osiyodan kelgan minglab muhojirlar uchun bu o‘zgarishlar bir narsani anglatadi: qonuniy maqom va ruxsatnomalarsiz ular AQShda yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlay olmaydi.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya