3 308 05/12/2025

Noyabr oyi oxirida Rossiya OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Novosibirskda kuryer keksa ayolni tepib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Dastlab, hujumchi migrant deb taxmin qilindi va bu holat jamoatchilikda katta norozilik uyg‘otdi. Kuzatuv kameralarida yozib olingan videoda yashil ryukzak ko‘targan yigitning to‘satdan 71 yoshli ayolning yuziga tepayotgani aks etgan. Jabrlanuvchi betonga yiqilib jarohat olgan, kuryer esa voqea joyini tark etgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu uning yagona “ishi” emas ekan. Huquqni muhofaza qilish organlari uni bir qator bezoriliklarga aloqador deb hisoblamoqda. Xususan, 23-oktyabr kuni u bir qizning yuziga tupurgani aytilgan. 12-oktyabrda esa taxminan 20 ta avtomobilga zarar yetkazgani qayd etilgan. O‘sha paytda u boshqa kuryerlik xizmatiga tegishli sumka ko‘tarib yurgan — bu tez-tez ish joyini almashtirish yoki shaxsini yashirishga urinish bo‘lishi mumkin.

Jabrlanuvchilar bu voqealar haqida avval ham polisiyaga murojaat qilishgan, ammo ularning so‘zlariga ko‘ra, hech qanday chora ko‘rilmagan. Faqatgina nafaqaxo‘r ayolga qilingan hujum videosi ommaviy ravishda tarqalgandan keyingina prokuratura bu holatni nazoratga oldi.

Kuryer ishlagan kompaniya hujumchining shaxsini tezda aniqlab, ishdan bo‘shatdi va mavjud ma’lumotlarni tergov organlariga taqdim etdi.

Dastlab internetda u migrant ekani haqida keng tarqalgan da’volar keyinchalik tasdiqlanmadi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi — Rossiya fuqarosi, 28 yoshli Dmitriy Sokolovskiy. Ayrim manbalar uning ruhiy dispanserda hisobda turganini ma’lum qilmoqda.

U holat katta rezonans olganidan bir kun o‘tib hibsga olingan. Tergovchilarning aytishicha, Sokolovskiy Novosibirsk vokzalida shahardan chiqib ketmoqchi bo‘lgan paytda ushlangan. U polisiya bo‘limiga olib ketilgan va unga nisbatan ehtiyot chorasi belgilanishi kutilmoqda.

Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tergovchilar esa bezorilik va mulkka shikast yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlar tayyorlamoqda. Endi Sokolovskiyni sud jarayoni kutmoqda.

Jinoyatchi o’zlaridan biri ekanligi ma’lum bo’lishi bilan, «migrantlar jinoyatiga qarshi kurashuvchilar» bu mavzuga qiziqishni tezda yo’qotdilar.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya