
So‘nggi paytlarda yoshlar va mehnat muhojirlari orasida jinoiy guruhlarga qiziqish keskin ortmoqda. Ulardan eng xavflilaridan biri — «А.У.Е.» deb ataluvchi tuzilma. Bu harakat nafaqat o‘smirlarni, balki Rossiyada ishlab yurgan yurtdoshlarimizni ham o‘z domiga tortayotgani bilan jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Bu holat faqat ota-onalarni emas, balki xorijdagi muhojirlarni ham ehtiyot bo‘lishga, o‘z xavfsizligiga beparvo bo‘lmaslikka chorlaydi.
«А.У.Е.» nima va qayerdan kelib chiqqan?
«А.У.Е.» — “Арестантский уклад един” degan so‘zlar qisqartmasi bo‘lib, “mahbuslar qoidasi yagona” deganidir. Bu harakat Rossiyada paydo bo‘lgan va u jinoyatchi guruhlar “qonunlari”ni oddiy hayotga singdirishni maqsad qiladi. U qamoqxonalardagi qoidalarni ideallashtirib, jamiyatga tarqatishga intiladi.
Rossiya bu harakatni 2020-yilda rasman ekstremistik deb e’lon qilgan va u bilan bog‘liq faoliyat uchun jinoiy javobgarlik belgilagan.
O‘zbekiston fuqarolari uchun bu nimasi bilan xavfli?
Afsuski, Rossiyada vaqtincha ishlayotgan ayrim yurtdoshlarimiz ham «А.У.Е.» ta’siriga tushib qolmoqda. OAV va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda bir necha o‘zbekistonlik «А.У.Е.» harakatida ishtirok etgani uchun Rossiyada sud qilingan va jazoga tortilgan.
Bu holat nafaqat shaxsning erkinligiga, balki butun o‘zbekistonlik muhojirlarning obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ular qanday qilib odam jalb qilishadi?
«А.У.Е.» a’zolari internet orqali — Telegram, YouTube, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni va muhojirlarni o‘ziga tortadi. Ular “bratva”, “obshak”, “zakon po ponyatiyam” kabi so‘zlar bilan odamlarni jalb qilishga harakat qilishadi. Mehnat muhojirlari orasida “maxsus til” orqali yoshlarni ta’sirga olish holatlari ko‘paymoqda.
Lekin shuni unutmaslik kerak: bu guruhga qo‘shilish — shunchaki do‘stlar bilan uchrashish emas. Bu — jinoyatga yaqinlashishdir.
Bu harakatda ishtirok etish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, «А.У.Е.» faoliyatida ishtirok etganlik uchun 300 000 rubldan 600 000 rublgacha jarima; 1 yilgacha qamoq; 1–4 yilgacha majburiy mehnat ishlari; 2–6 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari belgilangan.
Bundan tashqari, ishdan ayrilish, Rossiyadan chiqarib yuborilish (deportatsiya), huquqiy maqomni yo‘qotish, erkin harakat qilish imkoniyati cheklanishi va hatto oila kelajagiga tahdid yuzaga keladi.
Ota-onalar va fuqarolarga murojaat
Farzandlaringiz kimlar bilan gaplashadi?
Rossiyada ishlayotgan yaqinlaringiz atrofida kimlar bor?
“Смотрящий”, “общак”, “закон по понятиям” kabi iboralar qulog‘ingizga chalinmadimi?
Bu belgilarga beparvo bo‘lmang. Vaqtida aytilmagan gap — ertaga kech bo‘lishi mumkin.
«А.У.Е.» — nafaqat Rossiyada, balki boshqa mamlakatlarda ishlab yurgan fuqarolarimiz uchun ham real tahdid. Jinoyat bilan emas, halol mehnat orqali hayot qurish kerak. Farzandlaringizni «А.У.Е.» kabi jinoiy guruhlardan asrang.