Maqola

278 22/10/2024

Berlin Afg‘oniston fuqarolarini O‘zbekistonga yuborishni, Toshkentda esa “KamAir” aviakompaniyasi reyslari orqali Afg‘onistonga qaytarishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda Der Spiegel nashri. O‘zbekiston ushbu hamkorlikka ma’lum bir shart bilan kirishgani xabar berilmoqda. U qanday shart?

Yaqinda Germaniya delegatsiyasi afg‘on muhojirlarini O‘zbekiston orqali vatanlariga qaytarish rejasini Toshkentda muhokama qildi. Germaniya hukumati qochqinlik maqomiga ega bo‘lmagan afg‘onlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri toliblar bilan kelishuvlarsiz vatanlariga qaytarish uchun O‘zbekiston bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda 16-iyun, yakshanba kuni “Der Spiegel” jurnali xabar bergan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi oxirida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer (Nancy Faeser) topshirig‘i bilan nemis delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, ushbu masalani O‘zbekiston hukumati bilan muhokama qilgan.

“Nemislar o‘zbek hukumatiga aniq reja taklif qildi. Rejaga ko‘ra, Germaniya deportatsiya qilinuvchi afg‘onlarni charter reyslar orqali Toshkentga yetkazishi mumkin bo‘ladi. Keyin esa ularni “KamAir” xususiy aviakompaniyasi samolyotlari orqali Qobulga yuborish maqsad qilingan. Bu marshrut Berlinni toliblar hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan xalos qilib, deportatsiya jarayonini amalga oshirishga imkon beradi”, deyiladi maqolada.

Jurnalistlarning yozishicha, Toshkentdan qaytib kelgan Germaniya ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi muzokaralarni “konstruktiv” deb baholagan hamda O‘zbekiston hukumati o‘z yordamini va’da qilganini ma’lum qilgan. Biroq Toshkent Germaniyaga ushbu hamkorlik evaziga o‘z shartlarini qo‘ygan. O‘zbekistonning sharti yuqori malakali o‘zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyaga kirishini tartibga soluvchi rasmiy migratsion bitim imzolanishini bo‘lgan. Maqolaga ko‘ra, bunday bitim tayyorlanishi bir necha oydan beri davom etmoqda. Germaniya tarafi ushbu shartni qabul qilgan va o‘zbekistonlik muhojirlarning mamlakatga kirishini soddalashtiruvchi bitimga rozilik bildirgan.

“KamAir” aviakompaniyasi vakillari ham O‘zbekiston orqali afg‘on muhojirlarini Afg‘onistonga deportatsiya qilish mumkinligini ma’lum qildi, deb yozadi nemis nashri. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu aviakompaniya bir necha yil davomida Shvetsiyaga afg‘onistonlik muhojirlarni deportatsiya qilinishida yordam bergan va hozirda Afg‘onistondagi toliblar hukumati bilan ishonchli aloqalarga ega.

“Der Spiegel” ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya hukumati tomonidan migratsion bitimlar bo‘yicha maxsus vakil Yoaxim Shtamp (Joachim Stamp) kelasi haftada muzokaralarni davom ettirish uchun yana O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, Germaniyada qochoq maqomiga ega bo‘lmagan migrantlarni chiqarib yuborish zarurligi haqidagi bahslar yana avj olgan. Bunga may oyi oxirida Mangeymda “Pax Europa” tashkiloti tomonidan islomni tanqid qiluvchi miting davomida afg‘onistonlik muhojirning hujumi sabab bo‘ldi. Afg‘onistonlikning hujumida natijasida yosh nemis politsiyachisi tan jarohati olib, vafot etgan. Politsiyachining vafoti mamlakatda afg‘on muhojirlarini deportatsiyasi haqidagi bahslarni yana kuchaytirgan.

Hozircha qancha Afg‘oniston fuqarosi Germaniyadan deportatsiya qilinishi mumkinligi aniq emas. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada yashayotgan taxminan 13 000 afg‘on fuqarosi mamlakatni tark etishi shart deb qayd etilgan. Biroq, afg‘onistonliklarning aksariyati oilasidan ajralmaslik tamoyili yoki migrantning vatanida xavfsizlik ta’minlanmaganligi sababli deportatsiya qilib bo‘lmaydigan maqomda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya