Rossiya Musulmonlari Diniy Idorasi (ДУМ РФ) ulamolar kengashi musulmonlarga to‘rttagacha diniy nikoh tuzishga ruxsat berdi. Ushbu ruxsat erning barcha xotinlariga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lishi sharti bilan beriladi, deb ma’lum qildi “ДУМ РФ” raisining o‘rinbosari va Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov.
«Ushbu ruxsat quyidagi holatlarda beriladi. Agar xotini salomatligi, yoki reproduktiv yoshi tugagani yoki boshqa obyektiv sabablarga ko‘ra farzand ko‘ra olmasa, masalan, er-xotin o‘rtasidagi jinsiy mos kelmaslik holatlari kuzatilsa, ko‘pxotinlikka ruxsat beriladi. Shuningdek, xotinning farzand ko‘rishni istamasligi ham hisobga olinadi», — deydi Moskva muftiysi «РИА Новости»ga bergan intervyusida.
“ДУМ РФ” ulamolari kengashi o‘z yig‘ilishi yakunlari haqida 19-dekabr kuni kunduzi rasmiy telegram kanallarida post chiqargan. Unda kengash yig‘ilishida Rossiya musulmon jamiyatida ko‘pxotinlik muammolari bo‘yicha fatvo qabul qilingani haqida aytilgan, ammo qarorning o‘zi, ya’ni matni chop etilmagan.
Shuningdek, fatvo ishlab chiqilishida ulamolar bilan birga huquqshunoslar ham ishtirok etgani, bunday nikohlarni qayd etish imomlar va yosh oilalarga tavsiyalarni ham o‘z ichiga olishi, shuningdek, nikoh shartnomasi shakli ham taqdim qilinishi ta’kidlab o‘tilgan.
Rossiyaning amaldagi qonunchiligida ko‘pxotinlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan, ammo Oila kodeksining 14-moddasiga ko‘ra, boshqa rasmiy nikohda bo‘lgan shaxs yangi nikoh tuzishi mumkin emas. Davlat Dumasining oila, otalik, onalik va bolalar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Nina Ostanina ko‘pxotinlik Rossiyaning an’anaviy qadriyatlariga zid va bolalarni qashshoqlik hamda savodsizlik xavfiga duchor qilishi mumkin, deb iddao qilgan.