116 29/01/2025

Ajrashgan ayollarga nisbatan jamiyatda ijtimoiy bosim asosan an’anaviy qarashlar va stereotiplarga asoslanadi. Odatda, jamiyatda ayolning asosiy vazifasi oilani saqlab qolish, bolalarni tarbiyalash va turmush o‘rtog‘iga sodiqlik kabi rollarga bog‘lab qo‘yiladi. Ajrashish esa, ayniqsa ayol uchun, bu rollarni bajara olmaganlikning sababi sifatida ko‘riladi.

Shu bois, ajrashgan ayollar ko‘pincha «omadsizlik», «majburiyatni bajara olmaganlik» yoki «nosozlik» tamg‘asi bilan qaraladi. Oilasi va yaqinlari ularni ko‘p hollarda ayblaydi, chunki ular bu ajrashishni o‘zlarining obro‘si-sharafiga ta’sir qiluvchi holat sifatida qabul qiladi.

Mahalla-kuy va jamoatchilik esa ajrashgan ayolga ishonchsizlik bilan yondashib, uning jamoatdagi mavqeini kamsitishga moyil bo‘ladi. Ayolning mustaqilligi va qaror qabul qilish huquqi qo‘llab-quvvatlanmasligi tufayli, ko‘p hollarda zo‘ravonlikka sabr qilishga yoki jamiyatning gap-so‘zlaridan qo‘rqib, nomiga yashashga majburlanadi. Bolalarni tarbiyalash va «odamlar nima deydi?» kabi bosimlar ayollarning shaxsiy erkinligini cheklaydi, ularning hech qanday yordamsiz o‘zini o‘zi tiklashga qiyinchilik tug‘diradi. Bu holatlar ijtimoiy o‘zgarishlar va stereotiplarni buzishga bo‘lgan talabning muhimligini ko‘rsatadi…

Ajrashgan insonlar, odatda, atrofdagilarga nisbatan hissiyotlarini boshqarishda qiyinchiliklarga duch keladilar. Turli gap-so‘zlar, tuhmatlardan keyingi alamzadalik va ruhiy tushkunlik birqancha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ushbu mavzuni o‘rganish jarayonida psixologlar, jurnalist, adabiyotshunoslar va bu og‘ir sinovni boshidan o‘tkazgan ayolning fikrlarini tingladik.

Ajrashishimizga juda ham ko‘p kaltaklashlari va turli og‘ir haqoratlar, tuhmatlar sabab bo‘lgan. Kaltak yeyishimga jiddiy sabablar bo‘lmagan deb hisoblayman.

O‘g‘irlik qilmaganman, hiyonat qilmaganman. Lekin asossiz kaltaklanishlardan bezor bo‘lganman. Ohirgi marotaba kaltaklaganlarida ahvol shu darajagacha yetib bordiki, men og‘ir ahvolda kasalxonaga tushib qolganman. Bu qiynoqlarga chiday olmasdan ajrashishga qaror qilganman Hech bir ayol ajrashish niyatida oila qurmaydi. Ota uyidan chiqib ketayotgan har bir qizda beg‘ubor va yaxshi niyatlar bo‘ladi. Ajrashganimdan keyin yaqinlarim meni qabul qilishmagan. Hatto, ota-onam bizni yuzimizni yerga qaratding, o‘sha uydan o‘liging chiqsa ham rozi edik degan so‘zlarni aytishgan. Bu qanchalik og‘ir ekanligini tasavvur qila olmaysiz. Men bittagina qizim uchun yashashni va kurashishni boshladim. Ba’zida hammasiddan to‘yib ketganimdan jonimga qasd qilishni o‘ylagan vaqtlarim ham bo‘lgan. Anhor bo‘yiga qizim bilan borganman. O‘zimni anhorga tashlashni rejalashtirganimda, bizdan sal narida kichkinagina qizcha onasi bilan kulishib, o‘ynab kelardi. Uning yuzidagi tabassum meni saqlab qolgan. Chunki, mening qizcham ham shunday tabassum qilib yashashga va baxtli bo‘lishga haqli. O‘z taqdirimda bo‘lgan sinovlarga chiday olmasdan, bolamni ham baxtsiz qilishga haqqim yo‘qligini tushunib yetganman. Qizimning otasi yo‘q, leking uning onasi bor.

-Men qizim uchun kuchli bo‘lishim kerak. Ona farzandi uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Hamma yukni va ta’na dashnomlarni ko‘tarib yashashga ham tayyor bo‘ladi. Men farzandimni boqish uchun tinimsiz mehnat qildim. Ajrashgan ayolga ikki hissa og‘ir. Uyga ikkita non ko‘tarib kirish uchun ko‘chada erkakdek ishlashim, uyda esa, qizimga onalik mehrimni berishim kerak.

Ba’zida qizim bog‘chasidan o‘ksinib keladi. Otam qayerda, ular qachon keladilar, nega ularni oldilariga olib bormaysiz degan savollariga javob bera olmay qiynalaman. Har bir savolidan yuragim eziladi, lekin o‘zimni qo‘lga olishga harakat qilaman.

-Ajrashganimizga to‘rt yil bo‘ldi. Qizim unda chqaloq edi. Erim otalik huquqidan voz kechgan. U o‘z farzandidan voz kechgan. Mayli, men ular uchun yomondirman, lekin nima uchun o‘tgan to‘rt yil ichida farzandini ko‘rish uchun biron marotaba kelmaganlar? Bizning jamiyatimizda ajrimlarning asosiy sababchisi ayol kishi deb qaralishiga men qarshiman. Faqat ayollarni qoralash noto‘g‘ri, deydi shaxsi sir saqlanishini istagan suhbatdoshimiz. “Ajrashgan ayol” degan tamg‘a ostida yashashni tasavvur qilish qiyin. Har xil gaplar va tuhmatlar nozik hilqat vakillari gardanida yuk bo‘ladi. Ajrashayotgan ayol ota uyiga o‘zining tashvishlari, muammolari va yana siniq qalbi bilan kirib boradi. Yorqin umidlar va yaxshi niyatlar bilan oila qurgan qizning orzulari armonga do‘nadi.

Ajrashgan ayol degan nom tavqi la’natmi?

Yo‘q albatta! Bu bir insonning taqdiri. U qanday qilib ajrashganligi va ajrim sabablarini ko‘pchilik holatlarda inobatga olishmaydi. Kelishmovchiliklar, iqtisodiy ta’minotning kamligi va shunga o‘xshagan bir qancha sabablar bo‘lishi mumkin. Afsuski, jamiyatimizda o‘rnashib qolgan noto‘g‘ri qarashlar natijasida hamma mag‘zavalar ayolga ag‘dariladi. Afsuski, buni o‘zim ham boshimdan o‘tkazganman. Ajrashganimga 23 yil bo‘ldi. O‘sha paytda men zo‘ravonlikka uchraganman. Bu vaziyatdan chiqib ketish o‘sha vaqtlarda qiyin bo‘lgan.

Har xil tuhmatlar va ta’na toshlari o‘zimga ham yog‘ilgan, deya o‘z kechinmalarini hikoya qiladi jurnalist Nargis Qosimova.

-Taqdirning biz kutmagan zarbalari va burilishlari bo‘ladi. Ayni shunday holatlarda insonning irodasiga ham ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Bu fikrimiz bilan turmushidan ajragan ayollarni irodasizlikda ayblashdan yiroqmiz. Aksincha, qismatning bu sinovlaridan keyin ham o‘z hayotlarini yo‘lga qo‘ya olganlari, mustahkam irodalaridan nishona. Aslida hech bir inson oilasi buzilishini, farzandlari yetim bo‘lishini istamaydi.

Ayni shu mavzuda jurnalist Shoira Umrzoqovaning ham aytar so‘zlari bor:
-Ajrim bo‘lgan oilalarni o‘rganishga borganimizda oila a’zolari bilan suhbatlashamiz. Qaynota-qaynonalarning aksariyati kelinini yomonlashdan nariga o‘tmaydi.

“Aslida o‘g‘limiz u qizga munosib emas edi. Kelinimiz aybdor emas” deydigan insonlarni deyarli uchratmaysiz. Vaholanki, hamma vaqt ham ayol kishining aybdor qilib ko‘rsatilishi noto‘g‘ri. Oila mas’uliyatini gardaniga ortishga tayyor bo‘lmagan o‘g‘illarini uylantirib qo‘yayotganlar ham talaygina. Natijada oila buziladi. Bunda oilaning buzilib ketishiga sabablarni chuqurroq o‘rganish kerak. Oila yukini xotinining yelkasiga ilib qo‘yayotgan “erkaklar” ham bor jamiyatimizda. Alaloqibat oilada ajrim bo‘lganida, aybni keliniga to‘nkashdan osoni yo‘q. Vaholanki, u ayol o‘z hayotini yo‘lga qo‘yish uchun shunday qarorga kelgandir.

Ajrashayotgan ayol barcha qiyinchiliklar ajrimdan keyin boshlanishini ham biladi, lekin barchasini qadam-baqadam yengib o‘tishga harakat qiladi. Ayolning baxtli bo‘lishga haqqi yo‘qmi?!

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya