
Fuqaro “K.M.” o‘z farzandi “K.R.” bilan bog‘liq holat yuzasidan O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga yozma murojaat yo‘llagan edi. Uning ma’lum qilishicha, o‘g‘li “K.R.” Leningrad viloyati, Kolpino shahridagi tergov hibsxonasida bo‘lgan vaqtda, aldov yo‘li bilan Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari safida xizmat qilish to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chektirilgan.
Shu bilan birga, ona “K.M.” farzandining ruhiy sog‘lig‘i bilan bog‘liq og‘ir buzilishlar borligini ta’kidlab, harbiy shartnomani bekor qilishda yordam so‘ragan.
Bosh konsulxona bu murojaatni ko‘rib chiqib, “K.R.”ning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida Rossiyaning tegishli idoralariga, shu jumladan Leningrad viloyatidagi inson huquqlari bo‘yicha vakilga rasmiy so‘rovnomalar yubordi.
Ko‘rilgan choralar natijasida, “K.R.”ning harbiy xizmatga rozi emasligi inobatga olindi va u bilan shartnoma tuzilmadi. U tergov harakatlarini davom ettirish uchun Kolpino shahridagi hibsxonaga qaytarildi.
Hozirda “K.R.” ishi bo‘yicha tergov jarayonlari davom etmoqda. Bosh konsulxona uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni o‘z nazoratiga olgan.