1 325 22/04/2025

Rossiya hukumati noqonuniy yurgan chet el fuqarolarining hujjat olishi mumkin bo‘lgan “amnistiya” muddatini 2025-yil 10-sentyabrgacha uzaytirdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston agentligi Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda. Ma’lum bo‘lishicha, amnistiyaning uzaytirilishi boshqa davlatlar fuqarolari bo‘lgan muhojirlarga ham tegishli. Ya’ni Rossiyada hujjatsiz yurgan barcha muhojirlar 10-sentabrgacha o‘z huquqiy maqomini deportatsiya xavfisiz to‘g‘irlab olishlari mumkin. Ilgari, Rossiya prezidentining 2024-yil 31-dekabrda e’lon qilingan farmoniga ko‘ra, hujjat olishning oxirgi muddati 30-aprel deb belgilangan edi.

“Amnistiya” haqidagi farmon rasman 2024-yilning 31-dekabridan amal qilsa ham hujjatlar qabuli faqat joriy yilning mart oyidan boshlandi. Bunday kechikish natijasida hujjat rasmiylashtirishni xohlovchilardan iborat katta navbatlar paydo bo‘ldi. Migratsiya markazlari (ММЦ), “ПВС” (pasport-viza servislari) va Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya bo‘linmalarida navbatlarning ko‘payishi oqibatida bir qator shaharlarda tartibsizliklar kuzatila boshladi.

Qirg‘iziston TIV vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev avvalroq respublika Moskvadan mavjud vaziyatni hisobga olgan holda muddatlarni uzaytirishni so‘raganini ma’lum qilgan edi.

Amnistiyaning uzaytirilishi kutilgan bo‘lishiga qaramay, muhojirlarga soddalashtirilgan tartibda hujjat rasmiylashtirishni kechiktirmaslik tavsiya etiladi. Rossiyada qonuniy bo‘lish uchun asos bo‘luvchi hujjatlarni imkon qadar tezroq olish muhim. Bu orqali qonun bilan bog‘liq muammolarning oldini olish va mamlakatda xavf-xatarsiz qolishni ta’minlashga erishish mumkin.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya