AQSh 17 mamlakatning 400 dan ortiq fuqarolari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari ham bor. Sanksiyaga tushganlar orasida Putinning ehtimoliy jiyani ham bor, deb xabar bermoqda «Настоящее Время» nashri.
AQSh Davlat departamenti, moliya va savdo vazirliklari jami 400dan ortiq 17 ta mamlakatning fuqarolari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatda Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Shveytsariya, Turkiya va Chili fuqarolari ko‘rsatilgan. Cheklovlar, jumladan, «Transmashxolding» bosh direktori Kirill Lipa, Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosarlari – Aleksandr Fomin, Pavel Fradkov va Anna Tsivilevaga taalluqli. «Agentstvo» nashri Tsivileva Rossiya prezidenti Vladimir Putinning jiyani ekanligini da’vo qilmoqda.
Sanktsiyalar ro‘yxatiga, xususan, O‘zbekistondan “Uzstanex” va Qozog‘istondan “Kazstanex” kompaniyalari kiritilgan. AQSh Moliya vazirligi ushbu kompaniyalar Yevropadan kelgan dastgohlar partiyasining nominal oluvchilari ekanini, aslida Xitoyning “Shanghai Winsun” kompaniyasi orqali dastgohlar Rossiyaga yetkazilayotganini iddao qilgan.
Ta’kidlash joizki, sanksiyalar ro‘yxatida Rossiyaning 150ta kompaniyasi va tashkiloti bor. Ular mudofaaga aloqador materiallar va texnologiyalar, tayyor harbiy mahsulotlar, uskunalar yoki komponentlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangani uchun cheklovga tushgani aytilmoqda.