
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp ma’muriyati yana 36 davlat fuqarolarining kirishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamenti rasmiy hujjatiga tayanib, The Washington Post nashri xabar bermoqda.
Gap fuqarolariga viza cheklovlari yoki boshqa choralar qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan davlatlar haqida bormoqda. Bu ro‘yxatga Afrikaning 25 ta davlati, Karib dengizidagi ba’zi davlatlar, Markaziy Osiyo va Tinch okeani orollari kiradi. Ular orasida hatto Misr va Jibuti kabi AQSH hamkorlari ham bor.
Ro‘yxat Davlat departamenti tomonidan tuzilgan, hujjatga Davlat kotibi Marko Rubio imzo chekkan. Unda aytilishicha, ushbu mamlakatlar rasmiylari 60 kun ichida yangi talablarni bajarishni boshlashlari kerak. Ulardan birinchi harakat rejasi chorshanba kuni ertalab soat 8 ga qadar qabul qilinishi kerak.
Hujjatda ushbu mamlakatlar ro‘yxatga nima sababdan kiritilgani ko‘rsatilgan. Ulardan ba’zilari o‘z fuqarolariga ishonchli hujjatlarni bera olmaydi yoki firibgarlik keng tarqalgan. Boshqa mamlakat fuqarolari esa Amerika Qo‘shma Shtatlariga kelib, vizada ruxsat etilgan muddatdan ko‘proq vaqt qolgan.
Shuningdek, sabablar orasida fuqarolikni ushbu mamlakatda yashashga hojat qoldirmasdan sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar yoki Amerikaga dushmanlik va antisemitizm faoliyati bo‘lishi mumkin. Yana bir muhim jihat: agar mamlakat nafaqat o‘zining, balki AQSHdan deportatsiya qilingan boshqa davlat fuqarolarini ham qaytarib olishga tayyor bo‘lsa, bu Amerika tomonining pozisiyasini yumshatishi mumkin.
Mumkin bo‘lgan cheklovlar qachon kuchga kirishi hozircha noma’lum.