2024-yil davomida AQShdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni 572 nafarga yetdi, bu kuzatuvlar tarixi davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Xabarlarga ko‘ra, 2023-yil sentyabridan 2024-yil sentyabrigacha bo‘lgan davrda AQSh hukumati 572 nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6,5-marta ko‘pdir. Qiyoslash uchun, o‘tgan yili AQShdan atigi 88 o‘zbekistonlik deportatsiya qilingan edi.
AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda jami 271,4 ming migrant deportatsiya qilingan. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi 10-yildagi eng yuqorisi bo‘lib, oxirgi marta bunday yuqori raqam 2014-yilda kuzatilgan, o‘shanda 316 ming kishi deportatsiya qilingan edi.
ICE hisobotida ta’kidlanishicha, deportatsiya qilinganlarning taxminan 32 foizi jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan. Deportatsiyalarning asosiy qismi AQShning janubiy chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bilan bog‘liq. Ular orasida Markaziy Osiyo fuqarolari ham bo‘lgan. Faqat 2023-yilning o‘zida Markaziy Osiyodan 50 mingga yaqin kishi AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan, shulardan 17 ming o‘zbekistonlik boshpana so‘rab ariza topshirgan.
2024-yil iyun oyida AQSh prezidenti Jo Bayden noqonuniy migrantlar uchun boshpana berish qoidalarini qattiqlashtirdi. Yangi chora-tadbirlar migrantlarni kunlik limit 2 500 kishidan oshib ketganida bir hafta davomida tezkor deportatsiya qilish imkonini beradi. Bundan bolalar va odam savdosidan jabrlanganlar istisno qilingan.