
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Osiyoning bir qancha davlatlaridan, jumladan, O‘zbekistondan kelgan migrantlarni Panamaga deportatsiya qildi, deb xabar bermoqda “New York Times” va Reuters agentligi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklar chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 119 nafar Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston va Turkiyadan kelgan migrantlar bilan Panamaga deportatsiya qilingan. Ularning barchasi yaqin orada vatanlariga yuboriladi.
Panama prezidenti Xose Raul Mulino migrantlar mamlakatga kelganini OAVga tasdiqlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar mehmonxonaga joylashtirilgan va keyinchalik Kolumbiya bilan chegaradosh Daren provinsiyasidagi boshpanaga olib ketiladi. U yerdan AQSH tomonidan moliyalashtirilgan reyslar orqali o‘z mamlakatlariga qaytariladi. Jarayon BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida o‘tmoqda. AQSH Panamaga jami 360 kishini deportatsiya qiladi. Harbiy samolyotlarda yana ikkita parvoz kutilmoqda, ularning sanalari noma’lum.
“NYT” nashrining yozishicha, migrantlarning asl mamlakatlari ularni qaytarib olishni istamayapti. Ushbu iddaoni AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi qat’iyan rad etgan.
«Aksincha, O‘zbekiston ikki tomonlama faol kun tartibining to‘liq spektri, jumladan, AQSHning muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha so‘rovlariga javob berishda AQSHning ishonchli va sezgir hamkori bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», — degan elchixona xodimi.
«So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati AQSHga noqonuniy kirgan yuzlab fuqarolarini deportatsiya qilishga ko‘maklashish uchun AQSH rasmiylari bilan yaqindan hamkorlik qildi. Bu prezident Tramp va uning yangi ma’muriyati uchun ustuvor vazifa bo‘lgani sababli biz yaqinda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda sa’y-harakatlarimizni faollashtirdik», — degan diplomatik missiya vakili.