AQSh Moliya vazirligi Ukrainaga Rossiyaning bostirib kirishiga yordam berayotgan tashkilotlarga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Ro‘yxatga birinchi marta Markaziy Osiyodan Qirg‘izistonning «Keremet Bank»i kiritildi. AQSh Moliya vazirligi Qirg‘izistonning banki Rossiyaga qarashli “Промсвязьбанк” nomidan transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirganini iddao qilgan. “Промсвязьбанк” bankiga ham avval AQSh sanksiyalari joriy etilgan edi.
2024-yilning yozida «Keremet Bank»ni rossiyalik oligarx sotib olgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Keyinchalik matbuot Qirg‘iziston banki Lyuksemburgdagi kompaniyaga sotilganini xabar bergan.
Shunday qilib, eng yirik moliyaviy muassasasi sanksiyalar ostiga tushgan birinchi Markaziy Osiyo davlati Qirg‘iziston bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonga qarshi ikkilamchi sanksiyalar haqidagi gap-so‘zlar 2023-yilda boshlangan. O‘sha vaqtda Washington Post gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Bayden administratsiyasi Qirg‘izistonning Ukrainaga qarshi urushdagi rolidan xavotirda ekanligini, Markaziy Osiyoning bu davlatidan Rossiyaga dronlar yuborilgani va Ukrainaga qarshi ishlatilayotganini yozgan edi.