Ikki nafar O‘zbekiston fuqarolari 30 yoshli Bekzod Rahmatov va 31 yoshli Munis Xodjiyev AQShda muhojirlarni Meksika bilan chegaradan noqonuniy olib o‘tishda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi saytida xabar berildi.
Dastlab qo‘lga olinganlar Tojikiston fuqarolari ekani ma’lum qilingan, biroq keyinroq prokuratura bu ma’lumotni rad etib, har ikkisini O‘zbekiston fuqarosi ekanini aytgan. AQShda yashovchi tojik muhojirlarining aytishicha, bu ikki erkak Oʻzbekistonning Samarqand shahridandir.
Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, Rahmatov va Xodjiyev mamlakatga noqonuniy ravishda bir kunda kirib kelgan. Avval ular bir chet el fuqarosiga chegarani noqonuniy kesib o‘tishda yordam berishgan, shundan so‘ng u boshqa muhojirlarni noqonuniy o‘tkazishni tashkillashtirishda yordam bera boshlagan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, qoʻlga olinganlar 2022-yil dekabridan 2025-yil mayigacha boshqa shaxslar bilan til biriktirib, avvaliga uchinchi davlatlarga borib, soʻngra Meksika-AQSh chegarasiga kelgan xorijliklarning hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shugʻullangan. Ayblanuvchilar AQShga noqonuniy kirishiga yordam bergan xorijlik fuqarolardan pul olgani aytilmoqda.
Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri AQShda noqonuniy muhojirlar va immigratsiya qoidalarini buzgan holda yashovchi odamlarga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. Tramp maʼmuriyati noqonuniy muhojirlarga “oʻz-oʻzini deportatsiya qilish”ni ham taklif qildi: ularga maxsus arizada roʻyxatdan oʻtish va uyga qaytish tavsiya etilgan.