Amerikada migrantlar uchun o‘zini o‘zi deportatsiya qilish imkoniyatini beruvchi mobil ilova ishga tushirildi. Agar noqonuniy yurgan migrantlar ilovadan foydalanib, o‘zlarini deportatsiya qilishsa, kelajakda qonuniy ravishda mamlakatga qaytishlari mumkin. Aks holda, Amerikadagi noqonuniy muhojirlar qayta kirish huquqisiz deportatsiya qilinadi.
Bu mamlakatda noqonuniy yashayotgan muhojirlarga hibsga olinmay, ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etish imkonini beradi.
“CBP Home” deb nomlangan yangi mobil ilovada foydalanuvchi “ketish niyati” haqida xabar berishi mumkin, deya xabar bergan AQSH bojxona va chegara nazorati xizmati.
“CBP Home” ilovasi chet elliklarga kelajakda qonuniy ravishda qaytib kelish va Amerika orzusini amalga oshirish imkoniyatini saqlab qolgan holda ixtiyoriy ravishda ketish imkoniyatini beradi. Agar ular buni qilmasa, biz ularni topamiz, deportatsiya qilamiz va ular boshqa hech qachon qaytib kelmaydi,” — deydi ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.
Tramp saylovoldi kampaniyasi paytidayoq noqonuniy muhojirlarni keng ko‘lamli deportatsiya qilishga va’da bergan edi. Biroq uning ikkinchi muddatining dastlabki haftalari Jo Bayden prezidentligining so‘nggi yilida qayd etilgan ko‘rsatkichlarga erishish kutilganidan ham qiyinroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Yangi muddatning birinchi oyida Tramp o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatda ayblangan yoki sudlangan shaxslar orasida hibsga olishlar sonini ikki baravarga oshirdi. Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni qattiqlashtirish uchun uning ma’muriyati Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) faoliyatini kuchaytirdi, shuningdek, yangi mexanizmlarni, jumladan, jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmagan muhojirlarni ushlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etdi.