
Kosta-Rika ma’muriyati e’lon qilgan Qo‘shma Shtatlar bilan dastlabki kelishuvga ko‘ra, bu mamlakatga Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilingan migrantlar qabul qilinadi. Ular orasida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar ham bo‘ladi, deb xabar bergan Reuters.
Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, ammo haftasiga 25 kishigacha Kosta-Rikaga yuborilishi mumkinligi ma’lum. Qo‘shma Shtatlar, o‘z navbatida, moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor va BMTga qarashli agentlik bo‘lgan Xalqaro Migratsiya Tashkiloti migrantlarni uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti ushbu dastur uchun 7,85 million dollargacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Mablag‘lar AQSH Ichki xavfsizlik departamenti orqali Kosta-Rika rasmiylari bilan hamkorlik qilish va deportatsiyalarni tashkil qilish uchun yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanishicha, shunga o‘xshash amaliyot ilgari ham qo‘llanilgan. Bu yil Kosta-Rika Afrika, Osiyo va Yevropadan taxminan 200 migrantni qabul qildi. Ularning aksariyati o‘z vatanlariga qaytarilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ba’zilari mamlakatda qolmoqda.
Aniqlanishicha, yangi mablag‘lar faqat Qo‘shma Shtatlardan ilgari deportatsiya qilinganlarni emas, balki Kosta-Rika orqali AQSHga o‘tayotgan migrantlarni deportatsiya qilish uchun ham mo‘ljallangan. Dasturning amalga oshirish sanasi hali e’lon qilinmagan.
Kelishuv qisman Qo‘shma Shtatlar va Panama o‘rtasidagi 2024-yildagi shunga o‘xshash kelishuvga asoslangan bo‘lib, unga ko‘ra Vashington migrantlarni hibsga olish va deportatsiya qilishni moliyalashtirgan. O‘sha paytda bir qator inson huquqlari faollari va siyosatchilar bunday choralar migrantlarning AQSH boshpana tizimiga kirishini cheklashi mumkinligidan xavotir bildirishgan.
Hujjatda shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Kosta-Rikaga texnik va logistika yordamini, jumladan, migrantlar uchun havo transportini tashkil qilishni ta’minlashi aytilgan.
Donald Tramp lavozimga kirishganidan beri AQSH ma’muriyati deportatsiyalarni soddalashtirish, jumladan, boshqa davlatlar bilan shartnomalar tuzish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi. Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday qarorlar migrantlarning xavfsizligi va huquqlari bilan bog‘liq xavotirlarni uyg‘otishi mumkin.