
AQShga kirishi cheklangan yoki taqiqlangan mamlakatlar ro’yxati mavjud emas. Buni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmy Bryus matbuot anjumanida ma’lum qilgan. Avvalroq “New York Times” nashri, Oq uyning 43 ta mamlakat fuqarolari uchun Amerikaga kirish qoidalarini qat’iylashtirish rejasi haqida xabar qilgan edi.
«Ro’yxat yo’q. Oxirgi bir necha kunda muhokama qilinayotgan narsa — bu mavjud bo’lgan ro’yxat emas va buning asosida hech qanday amaliyot olib borilgani yo‘q», deydi Bryus. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi vizasi bo‘lib turib, davlati ro‘yxatdagi mamlakatlarga kiritilgan afg‘onistonliklar nima qilishi kerakligi haqida savolga javiob bergan. O‘z javobida Temmy Bryus «prezidentning xavfsizlikni mustahkamlash va kirish ruxsatnomalari bo’yicha buyrug‘ini ko’rib chiqish»ni eslatib o’tgan.
O’tgan haftada The New York Times gazetasi AQSh hukumati 43 ta mamlakat fuqarolari uchun kirish qoidalarini kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilgan edi. Ushbu ro‘yxatga jumladan Rossiyа, Belarus va Turkmaniston ham kiritilgan edi. Nashr manbasi bir necha hafta oldin Davlat departamenti mamlakatlar ro’yxatini tayyorlaganini va uni bir nechta mezonlar bo’yicha qizil, sabzirang va sariq guruhlarga bo’lganini aytgan.
Birinchi “qizil” guruhga kiritilgan mamlakatlarning fuqarolariga AQSh chegarasini kesib o’tish taqiqlanishi aytilgan. “Sabzirang” ro‘yxatdagi mamlakatlar fuqarolariga viza olishdan avval qat’iy suhbatdan o‘tkazilishi belgilangan. “Sariq” ro‘yxatdagilar esa xavfsizlik bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rib ushbu ro‘yxatdan chiqishi kerakligi yozilgan.
Qizil ro’yxatga Afg’oniston, Butan, Venesuela, Eron, Yaman, Shimoliy Koreya, Kuba, Liviya, Suriya, Somaliya va Sudan kirgan. Ma’lumotlarga ko’ra, vizalar bilan muammolarga duch keladiganlar — sayohatchilar va migrantlar bo’lishi mumkin, ammo AQShga biznes maqsadida kelayotgan tadbirkorlar mamlakatga hech qanday qiyinchiliklarsiz kirishi mumkin. Tez orada ommaviy axborot vositalari bu ro’yxatga o’zgartirishlar kiritilishi mumkinligini bilishdi. Bundan tashqari, uni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio tasdiqlashi kerak.