
Koreyada bir janubiy osiyolik yigit bilan birga ishlaganman. Davlatining nomini aytmaganim ma’qul. Ismi Dilan edi. Yoshimiz teng, oshna edik.
Zavodimizda har yakshanba dam olish kuni bo‘lardi. Men esa ertalab “Arbat samushil” (bir kunlik ish beradigan joy)ga borib ishlab kelardim. Bir kunga qariyb 100 dollar atrofida pul berardi. Har safar turli joyga, turli ishga, turli odamlar bilan borilgani uchun bu ish doim qiziqarli, o‘ziga xos sarguzasht bo‘lardi.
Arbatga asosan qari, ishsiz koreyslar borardi. Qurilish firmalari tenderlarda qatnashayotganda: “Arbat samushildan faloncha odam ishlatamiz”, deb va’da berishar ekan. Shu va’da tender yutishda muhim omil bo‘larkan. Shuning uchun ko‘pincha jiddiy, mas’uliyatli ishga emas, faqat “daftarni qoraytirish” uchun chaqirishardi. Yengil-yelpi ishlar bilan kunni kech qilib qaytardik.
(Albatta, Arbatning turlari ham ko‘p, ba’zan og‘ir ishlari ham bo‘lardi.)
Qisqasi, Dilan hech qachon Arbatga chiqmasdi, yakshanba kuni kechgacha xonasida bekor yotardi.
— Nega ishga chiqmaysan? Ish oson, erta tugaydi, — dedim bir kuni.
— Chiqib ko‘rganman, ish yo‘q. Bekorga erta turib, uyqudan qolaman, — dedi u.
Arbat samushilda ish kafolatlanmagan. Ertalab bomdoddan oldin borib kutib o‘tirish kerak. Ish chiqsa — chiqasiz, chiqmasa, soat 8–9 lar atrofida: “Ish yo‘q, ketaveringlar”, deyishadi. Odatda 2–3 nafar koreysga bittadan “veguk” (chet ellik)ni qo‘shib yuborishardi.
Dilanning gaplarini eshitib hayron bo‘ldim, chunki men biror marta ishsiz qaytmagan edim. Keyingi safar borganimda bu holatni “sajang”dan (boshliqdan) so‘rab ko‘rishga qaror qildim.
Arbatda ishlab qaytgach, pulni olish uchun yana samushil (ofis)ga kirish kerak bo‘lardi. Keyingi hafta pul olgani kirganimda sajangdan:
— Bir do‘stim bor, uni ham olib kelsam, ish berasanmi? — deb so‘radim.
— Olib kelaver, ish ko‘p, — dedi u.
Keyingi dam olish kuni ikkovimiz samushilga bordik. Sajang Dilanga bir qaradi-da, keyin menga qarab sekin bosh chayqadi. Meni bir guruh koreyslar bilan ishga chiqarib yubordi, Dilan esa qoldi.
— Kutib tur, ish chiqadi. Omad, — deb men chiqib ketdim.
Kechqurun pulimni olgani kirib, sajangdan:
— Do‘stim ham ishga chiqdimi? — deb so‘radim.
— Yo‘q, — dedi u.
So‘ng qo‘shimcha qildi:
— “Do‘stim bor” deganingda o‘zbek bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Bular bilan ishlay olmayman: juda dangasa bo‘lishadi, ish bermaydi. Tajribamda bor. Mijoz yo‘qotib qo‘yaman.
To‘g‘risi, Dilan zavodda ham sal dangasaroq edi. Keyinchalik boshqa janubiy osiyoliklar bilan ishlaganimda ham shunga amin bo‘ldim: ular o‘zbeklar kabi mehnatkash emas.
(Lekin tan olish kerak: o‘zbeklar ham koreyslar darajasida mehnatkash emas. Yarim yoshimga yetmagan koreyslarning qanday ishlashini ko‘rib, bunga ko‘p marta tan berganman — juda mehnatkash bo‘lishadi.)
Xullas, Rossiyada hindistonlik ishchilarni olib kelishayotgani haqidagi xabarni o‘qiganimda, shu voqealar yodimga tushib ketdi.
Qadrimizga yetishsin.
Alloh o‘zbekni hech qachon birovga muhtoj qilib qo‘ymasin.
Ibrohim Muhammad