Yurtimizda spirtli ichimliklar bilan zaharlanish va buning oqibatida hayotdan ko‘z yumish holatlari birdan ko‘paydi.
2024-yilning 22-26-dekabr kunlari Andijon viloyatida 22 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi yopishtirilgan “O‘zbekiston” nomli konyak spirtlik ichimlik iste’mol qilganliklari oqibatida shifoxonaga o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan, ularning 5 nafari vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bu voqeadan bir necha kun o‘tib Samarqandda bir nechta shaxslar aroqdan zaharlanib vafot etgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 5 nafar shaxs vafot etgani haqida xabar bergan.
Zaharli ichimlik chet ellardagi o‘zbekistonliklarning ham umriga zomin bo‘lmoqda. Turkiyada ishlab yurgan bir necha yurtdoshimiz ham shishadagi og‘uni ichib dunyodan ko‘z yumishdi. Olingan ma’lumotlariga ko‘ra, Istanbul shahrida jami 38 kishi soxta spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlangan. Ma’lum bo‘lishicha, shifoxonaga murojaat qilganlarning 26 nafari xorijliklardir. Ularning 11 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Afsuski ularning 6 nafari: 5 erkak va 1 nafar ayol O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Politsiya voqea yuzasidan keng qamrovli tergov ishlarini boshladi.
Mazkur holatga aloqadorlikda ayblanib, ikki nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.